Senat Raisi: deputatlar va hokimlar qonuniylik, adolat va ochiqlik tamoyillariga qat’iy amal qilishi zarur
Oliy Majlis Senatida xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari raislari hamda hokimlar uchun o‘quv seminarlari yakunlanmoqda.
29-31 yanvar kunlari mazkur o‘quvlarda qatnashayotgan to‘rtinchi guruh tinglovchilari Surxondaryo, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarining mahalliy boshqaruv organlari rahbarlaridan tashkil topdi.
Seminarlar mahalliy darajada boshqaruv qarorlarini qabul qilishda yangi yondashuvlarni joriy etish, kengashlar faoliyatining natijadorligini oshirish, ijtimoiy masalalarni hal etishda tizimli rejalashtirish va tahlilga tayangan ish uslublarini shakllantirishga qaratildi.
Mashg‘ulotlar jarayonida tinglovchilar hududiy dasturlarni ishlab chiqish va ijrosini nazorat qilish, mahalliy byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholi bandligi va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq masalalar, shuningdek, bu borada o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha amaliy bilimlarga ega bo‘ldi.
Kengashlarda deputatlik so‘rovlari bilan ishlash, ijro intizomiga rioya qilish, mahalliy hokimiyat ijro organlari faoliyati ustidan deputatlik nazoratini kuchaytirish, jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘quv seminarlari doirasida raqamli tahlil vositalari orqali muammolarni aniqlash, aholi murojaatlarini tizimli o‘rganish, ma’lumotlar asosida qaror qabul qilish hamda natijadorlikni baholash ko‘nikmalari ham mustahkamlandi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva tinglovchilarga murojaat qilib, mahalliy rahbarlarning faoliyatida tashabbuskorlik, shaxsiy javobgarlik va aholi bilan doimiy muloqot muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Har bir qabul qilinayotgan qaror joylarda ijobiy o‘zgarishlarga olib kelishi, deputatlar va hokimlar o‘z faoliyatida qonuniylik, adolat va ochiqlik tamoyillariga qat’iy amal qilishi zarurligi qayd etildi.
Seminarlar yakunida ishtirokchilar joylardagi muammolarni aniqlash, ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish, aholi bilan ishlashda samarali mexanizmlarni qo‘llash hamda qabul qilingan qarorlarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi.
N.Abduraimova, O‘zA