SENAT: qanday muhim masalalar ko‘rib chiqildi? (+video)
Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Senat raisi Tanzila Norboyeva boshqargan majlisda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, sud-huquq tizimini takomillashtirish, fuqarolar huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga qaratilgan qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi.
Yalpi majlisda tahlikali davrda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini uyg‘un holda ta’minlaydigan barqaror taraqqiyot sur’atlarini saqlash zarurligi masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
– Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, milliy birlikni mustahkamlash nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi, - dedi T.Norboyeva. – Ayni paytda Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan xalqparvar siyosat ana shu ulug‘vor maqsadga xizmat qilmoqda. Deyarli har kuni mamlakatimiz rivoji, hududlarni kompleks taraqqiy ettirish, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan eng dolzarb masalalar oliy darajada muhokama qilinib, aniq vazifa va topshiriqlar belgilab berilmoqda.
“Dunyoda ro‘y berayotgan o‘ta murakkab siyosiy va iqtisodiy vaziyatga qaramay, yurtimizning barqaror taraqqiyoti va milliy birligini ta’minlashda Davlatimiz rahbarining tinimsiz mehnati, uzoqni ko‘zlagan siyosati va sobitqadamligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Shubhasiz, bu jarayonlarda barcha darajadagi davlat mutasaddilari bilan bir qatorda senatorlar va mahalliy kengashlar deputatlari ham yuksak daxldorlik hissi bilan faoliyat yuritib, joylarda amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali ijrosini ta’minlashga munosib hissa qo‘shishi zarur”, dedi Senat raisi.
Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda keng qamrovli islohotlar boshlangan ilk davrda Xalq qabulxonalarining tashkil etilishi o‘ta muhim va o‘z vaqtida qabul qilingan qaror bo‘lgani ta’kidlandi.
Aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, fuqarolarni rozi qilish hamda ularning muammolarini tezkor hal etishda mazkur institut o‘zining samaradorligi va natijadorligini amalda namoyon etdi.
Mazkur sohani yanada takomillashtirish va uni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan Prezident farmonida parlament zimmasiga ham alohida mas’uliyat yuklatildi. Jumladan, 2026-yil may oyidan boshlab aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hisobotlarini Qonunchilik palatasi va Senatda, hokimlar hamda hududiy davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hisobotlarini esa tegishlicha Senatda va mahalliy kengashlarda har chorakda kamida bir marta eshitib borish tartibi joriy qilinadi.
Senatorlar pulli yo‘llarni tashkil etishga oid qonunni ma’qulladi. Bu – yangi tahrirdagi “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun bo‘lib, uning asosiy maqsadi – avtomobil yo‘llarini rivojlantirish, ulardan foydalanish tartibini belgilash, yo‘l faoliyati sohasidagi munosabatlarni zamonaviy talablar asosida tartibga solishdan iboratdir.
Qonun yo‘l infratuzilmasi rivojlanishi, harakat tezligi ortib, tirbandliklar kamayishiga, yo‘l-transport hodisalari soni qisqarishiga zamin yaratadi.
“Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunda sohaning asosiy prinsiplari belgilandi. Bu – qonuniylik, xolislik, halollik, axborot maxfiyligi va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslikni o‘z ichiga oladi.
“Sud-ekspertlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunda nodavlat sud ekspertlarining huquqiy maqomi, ularni tashkil etish, faoliyat yo‘nalishlari belgilandi. Nodavlat sud-ekspertlariga byuro tashkil etgan holda yakka tartibda faoliyat yuritishga ruxsat berilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun sud-ekspertlik faoliyatining mustaqilligi va shaffofligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash hamda fuqarolarning odil sudlovdan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Endilikda ko‘chmas mulk buzilganda yuzaga kelgan ziddiyat va noaniqliklar mulkdor foydasiga talqin etiladi. Bu Senat yalpi majlisda ma’qullagan “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonunda o‘z aksini topgan.
“Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan ekologik huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.
“Qo‘riqlash faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar, jumladan, jamoat joylarida tamaki mahsulotini iste’mol qilish, noqonuniy ov qilish, daraxtlarni kesish va boshqa ekologik qoidabuzarliklarni ko‘rib chiqish vakolati Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamentining mas’ul xodimlariga berilmoqda.
Senat yalpi majlisi ertaga o‘z ishini davom ettiradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/bwEsfEj0JV4" title="O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat),
Doniyor Yoqubov (video),
Salim Obidjonov (motnaj), O‘zA