Sayyor qabulda muammolar nazoratga olindi
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi. Unda Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Nazira Muxtorova, viloyat va tumandagi Prezident Xalq qabulxonalari, viloyat va tuman mutasaddi tashkilotlari rahbar va vakilari, mahalliy Kengash deputatlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, tuman hokimi yordamchilari, murojaatchilar va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni Jizzax viloyatdagi Prezidentning Xalq qabulxonasi mudiri Bayrambek Uzoqov olib bordi.
Ta’kidlanganidek, Do‘stlik tumanida 2022 yilda investitsiya dasturiga asosan umumiy qiymati 133 milliard 400 million so‘mlik 53 ta yangi loyiha ishga tushirilgan. 1 ming 220 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan. Aholini elektr energiyasi, tabiy gaz, ichimlik suv ta’minoti, ichki yo‘llar va boshqa infratuzilma ob’ektlari bilan bog‘liq dolzarb muammolarni hal etish maqsadida tumanga barcha manbalar hisobidan 7 milliard 200 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Yurtboshimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga asosan 2023 yilda tumanda umumiy qiymati 164 milliard 300 million so‘mlik 37 ta yangi loyihani amalga oshirish, 532 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
[gallery-10970]
Do‘stlik tumani aholisi uchun o‘tkazilgan sayyor qabulda fuqarolar tomonidan bandlik, uy-joy, yer, kredit mablag‘lari, ijtimoiy muammolar, moddiy yordam kabi masalalar ko‘tarildi. Ushbu murojaatlarni tegishliligicha o‘rganib chiqish va belgilangan tartibda yechimini topish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Jumladan, murojaatlarning barchasi tegishli tartibda qayd etilib, mas’ul tashkilot rahbarlariga hal etish bo‘yicha aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi va ijrosi nazoratga olindi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA