Sayyor qabulda ma’naviyat-ma’rifat masalalari ko‘rib chiqildi
Mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy sohani tubdan takomillashtirish, uni hayotimizga chuqur singdirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri. Zero, inson qalbi va tafakkuri yuksalmas ekan, islohotlar samarasi ham to‘liq namoyon bo‘lmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda 2019-yil 3-maydagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ana shu muhim hujjatlar ijrosini ta’minlash, joylardagi muammolarni bevosita o‘rganish va ularga yechim topish maqsadida G‘allaorol tumanida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Jizzax viloyat bo‘limi rahbari Iqboloy Umarovaning sayyor qabuli tashkil etildi.
— Ma’naviyatni yuksaltirish bu faqatgina shior emas, balki har bir mahalla, har bir oila hayotida namoyon bo‘lishi kerak bo‘lgan hayotiy ehtiyojdir, — deydi Iqboloy Umarova. — Biz joylarga chiqib, odamlar bilan yuzma-yuz muloqot qilmas ekanmiz, haqiqiy holatni to‘liq anglay olmaymiz. Sayyor qabullar ana shu jihatdan g‘oyat muhimdir.
Qabul davomida Jiydali mahallasidagi o‘quv markazini yangi adabiyotlar bilan ta’minlash, targ‘ibotchilar faoliyatini samarali tashkil etish uchun zarur texnika va uslubiy vositalar ajratish, axborot-kutubxona markazi fondini boyitish, shuningdek, mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan qator taklif va murojaatlar bildirildi.
E’tiborlisi, murojaatlarning aksar qismi shu joyning o‘zidayoq ijobiy hal etildi. Ayrim vaqt talab etadigan masalalar esa aniq muddatlar belgilanib, nazoratga olindi. Bu esa, o‘z navbatida, davlat idoralari va aholi o‘rtasidagi ochiq muloqotning amaliy samara berayotganidan dalolatdir.
— Bugungi kunda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni “bir martalik tadbir” shaklidan chiqarib, tizimli va uzluksiz jarayonga aylantirish eng muhim vazifamizdir, — deya ta’kidlaydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari. — Bu borada har bir targ‘ibotchi, har bir mutasaddi o‘z mas’uliyatini chuqur his etishi zarur.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, joylarda bunday sayyor qabullarning muntazam tashkil etilishi nafaqat mavjud muammolarni bartaraf etish, balki aholining ma’naviy ehtiyojlarini aniqlash va ularni manzilli qondirish imkonini ham berayotir. Eng muhimi, bu jarayonlarda inson qadri, uning fikri va tashabbusi ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA