Sayyor qabul: har bir murojaat e’tiborda
Aholi murojaatlariga quloq tutish, ularni qiynab kelayotgan muammo va masalalarni ijobiy hal etish rahbarlarning oldida turgan muhim vazifalardan biridir.
Davlat xizmatlari agentligi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Ravshanbekov tomonidan har oyda bir sohaga oid murojaatlarni hal etish yuzasidan sayyor qabul tashkil etiladi. Ochiq va samimiy muloqotlarning navbatdagisi Uychi tumanida hokim boshchiligidagi birinchi sektor hududida tashkil etildi.
Qabulga yig‘ilgan fuqarolarga davlatimiz rahbarining 2021 yil 23 noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori mazmun-mohiyati, xususan, unda aholining daromad topishiga qaratilgan tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, agrar sohada o‘z biznesini tashkil etishga ko‘maklashish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish va mazkur yo‘nalishni diversifikatsiyalash orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan ma’lumotlar berildi.

Dehqon xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkalarini ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berishda o‘z tomorqasida meva-sabzavotchilik, poliz mahsulotlarini yetishtirish va uzumchilikda yaxshi natijalarga erishgan, ushbu sohalardan birida tayanch mutaxassislikka ega bo‘lgan fuqarolarga, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ga ro‘yxatga olingan kam ta’minlangan oilalarga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng, davlat xizmatlari sohasiga doir murojaatlarni qabul qilishga kirishildi. Kadastr, subsidiya olish, tadbirkorlik va boshqa sohalarga doir muammolar o‘rganilib, tegishliligi bo‘yicha bartaraf etildi.
Sohiba Mirzaahmedovaning farzandi Yahyobekning bolaligidan nogironligi bor. Fuqaro tomonidan sayyor qabulda nogironligi bor bolasiga “Elektron raqamli imzo kalitini” bepul olish yuzasidan murojaat qildi. Shu joyning o‘zida tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan tizim orqali tekshirilganda Yahyobek “Yoshlar daftari” ga kiritilgani ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng, unga ERI kalitlari olib berildi.

Sayyor qabul davomida to‘rt nafar fuqaroning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi tantanali topshirildi. Jumladan, Shahnoza Qodirovaning 12 yoshli qizi Zarnigor va 7 yoshli o‘g‘li Imronbekni ayrim sabablarga ko‘ra, tug‘ilganlik guvohnomasi yo‘qolgan edi.
Bu masalada ularning onasi tuman FHDYO bo‘limiga uchradi. Ularning oilaviy muammosi o‘rganilib, to‘lov qobiliyati yo‘qligi sabab ikki farzandiga tug‘ilganlikni qayd etish guvohnomasi Davlat xizmatlari agentligining homiyligi asosida yozib berildi.
Shuningdek, tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga sayyor xizmat ko‘rsatildi. Shu kuni 150 kishiga “Elektron raqamli imzo kalitlari” olib berilgan bo‘lsa, yana 30 nafar fuqaroga farzandini maktabgacha ta’lim tashkilotiga navbatga qo‘yish, kadastr pasportini shakllantirish va kommunal sohaga doir xizmatlar ko‘rsatildi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA