Sayyohlik va ijtimoiy hamkorlik
“Ipak yo‘lidagi turizm” XX Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi doirasida “Turizm sohasida ijtimoiy hamkorlik: ta’lim va ish bilan ta’minlash” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.
“Ipak yo‘lidagi turizm” XX Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi doirasida “Turizm sohasida ijtimoiy hamkorlik: ta’lim va ish bilan ta’minlash” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi, Respublika ilmiy-o‘quv konsalting markazi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar, sayyohlik firma va kompaniyalari vakillari, olim va mutaxassislar, talabalar ishtirok etdi.
“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi raisi F.Rizayev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi A.Mamatov, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi J.Edgar va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida sayyohlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida kadrlar tayyorlash, mutaxassislar malakasini oshirish, xizmat ko‘rsatishni yanada yaxshilash masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining 1999-yil 30-iyunda qabul qilingan “O‘zbekistonda turizm sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq bu borada samarali tizim yo‘lga qo‘yilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining xalqaro turizm fakulteti, Samarqand iqtisodiyot va servis hamda poytaxtimizdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutlari, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlaridagi turizm yo‘nalishidagi kollejlarda sayyohlik marketingi va menejmenti, xizmat ko‘rsatish, xalqaro turizm, mehmonxona xo‘jaligi va restoran ishi yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. Muntazam o‘tkazilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari bitiruvchilarga sayyohlik firma va kompaniyalari faoliyati bilan yaqindan tanishish, ish taklif etuvchilarga yuqori malakali kadrlarni tanlash imkonini berayotir.
“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining Respublika ilmiy-o‘quv konsalting markazi ham yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va kasb mahoratini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Markaz tomonidan gidlar, turoperator va mehmonxona xo‘jaligi xodimlari tayyorlanmoqda.
Malakali kadrlar tayyorlash borasida ijtimoiy hamkorlik ham rivojlanmoqda. Xususan, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi va Britaniya Kengashining “Ingliz tili turizm uchun” nomli qo‘shma loyihasi doirasida turizm kollejlari o‘qituvchilarining malakasini oshirish, sohaga oid o‘quv dasturlarini takomillashtirishga qaratilgan treninglar o‘tkazilmoqda.
Forum qatnashchilariga mamlakatimizda turizm ta’limini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi.
– Prezident Islom Karimovning BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining Samarqandda o‘tgan 99-sessiyasi ochilish marosimidagi nutqi menda katta qiziqish uyg‘otdi, – deydi Vetnamning “Asia Master Travel” kompaniyasining Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha vakili Xa Tuyen Ngok. – Davlatingiz rahbari nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoda turizmni rivojlantirishga doir fikr-mulohazalar bildirdi. Jumladan, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash masalasi turizm sohasini rivojlantirishning eng muhim va hal qiluvchi omili bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. O‘zbekistonda bu sohada professional kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotgani diqqatga sazovor. Bu boradagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro tajriba almashish barcha mamlakatlar uchun foydali bo‘ladi. Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi doirasida shu mavzuga bag‘ishlangan xalqaro forum tashkil etilgani bizga juda ma’qul bo‘ldi.
– Kompaniyamiz Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasida uchinchi marta ishtirok etmoqda, – deydi Tailandning “Sayama Travel Group” kompaniyasi savdo direktori Valentina Malaya. – Tailandda O‘zbekistonga tashrif buyurishni istovchilar juda ko‘p. Yarmarkada O‘zbekistondagi barcha viloyatlarning sayyohlik salohiyati bilan tanishib, mamlakatingizda turizmning juda ko‘plab yo‘nalishlari izchil taraqqiy etayotganiga amin bo‘ldik. O‘zbekistonning ko‘plab turoperatorlari bilan o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdormiz.
Yurtimiz sayyohlik sanoatining taraqqiyotida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji ham muhim o‘rin tutmoqda. Ular yangi turistik marshrutlarni ishlab chiqish, tarixiy-arxeologik bog‘lar barpo etish, sayyohlarga zamonaviy xizmat ko‘rsatish, hunarmandlikni rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda. Buning natijasida ko‘plab yangi ish o‘rinlari tashkil etilmoqda, xalqimiz farovonligi yanada oshmoqda.
– Davlatimiz rahbarining 2010-yil 30-martdagi “Xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’atini rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni hunarmandlarga katta imkoniyatlar berdi, – deydi qashqadaryolik hunarmand Sojida Mo‘minova. – Yarmarkada o‘zim tikkan milliy liboslar, hamyon, sumka, belbog‘ kabi mahsulotlar bilan ishtirok etyapman. Ushbu hunarimni qizlarimga ham o‘rgatganman. O‘nga yaqin shogirdim bor. Mahsulotlarimiz ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda. Yarmarka doirasida ko‘plab mahalliy va xorijiy firma va kompaniyalar bilan shartnomalar tuzishga muvaffaq bo‘ldik. Bunday ko‘rgazmalar tadbirkorlik faoliyatimizni yanada kengroq yo‘lga qo‘yishda, mahsulotlarimizni xorijiy davlatlarga eksport qilishda qo‘l keladi.
Forum ishtirokchilari xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, mamlakat sayyohlik salohiyatini yanada oshirishda soha mutaxassislari malakasi muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi doirasida ta’lim turizmini rivojlantirishga bag‘ishlangan qator tadbirlarning o‘tkazilayotgani bu yo‘nalishdagi ishlarni takomillashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Anjumanda turizm sohasida ijtimoiy hamkorlikni rivojlantirish, o‘quv muassasalari bilan ish taklif etuvchilar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, bu boradagi xalqaro tajribani o‘rganish va tizimni takomillashtirish kabi qator masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Xalqaro forum doirasida sayyohlik xizmatlari sifatini oshirishda kasb ta’limining ahamiyatiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda turizm sohasida ijtimoiy hamkorlik masalalariga oid davra suhbati o‘tkazildi.