Sayxunobodda yangi korxona ish boshladi
Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani "Paxtakon" mahallasida "Sayxun gold oil" MCHJ ning o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish korxonasi ish boshladi.

Qiymati 2 million dollar bo‘lgan, yiliga 30 ming tonna paxta chigitini qayta ishlash quvvatiga ega korxonada 6 ming tonna sifatli yog‘ ishlab chiqariladi. Korxonaning ish boshlashi 70 nafardan ortiq kishining ish bilan bandligini ta’minladi.

Korxonaning ochilish marosimida Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev, viloyat va tuman sektor rahbarlari, nuroniylar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Viloyat hokimi korxona faoliyatiga muvaffaqiyat tilab, bunday loyihalarning ishga tushishi aholi farovonligini yuksaltirish, viloyat iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Sh.Suyarov, F.Toshmatov O‘zA