Sayxun ilhomlari — adabiyot va ma’naviyat ko‘zgusi
Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi Yoshlar markazida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan nashr etilgan «Sayxun ilhomlari» kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar, shoir va yozuvchilar, jurnalistlar hamda adabiyot ixlosmandlari ishtirok etishdi.
Viloyat hokimligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Sirdaryo viloyati bo‘limi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan «Ma’naviyat» nashriyotida chop etilgan 480 sahifali to‘plamdan Sirdaryo zaminida qalam tebratayotgan 89 nafar ijodkorning asarlari o‘rin olgan. Unda nazm, nasr, bolalar adabiyoti, dramaturgiya, badiiy tarjima, adabiyotshunoslik va publitsistika janrlaridagi ijod namunalari jamlangan.
Kitobdan O‘zbekiston xalq shoirlari To‘ra Sulaymon va Halima Xudoyberdiyeva kabi milliy adabiyotimiz rivojiga munosib hissa qo‘shgan ijodkorlar asarlari bilan bir qatorda, Sirdaryo adabiy muhitining ustoz va yosh vakillarining ijodi ham joy olgan. Hayotxon Ortiqboyeva, Mirza Qaynarov, Hamroqul Rizo, Jonibek Subhon kabi ijodkorlarning asarlari to‘plam mazmunini yanada boyitgan.
Nashrda adabiyotshunoslik va ilmiy-badiiy tafakkurga ham alohida o‘rin berilgan. Guliston davlat universitetida ko‘p yillar faoliyat yuritgan O‘mrzoq O‘rjaboyev, Anqaboy Quljonov, Bosim To‘ychiboyev, Akram Kattabekov, Qozoqboy Yo‘ldoshev va Qobul Kubayev kabi olimlarning ilmiy ishlari adabiy merosimizni o‘rganishda ahamiyat kasb etadi. Saminjon Sultonov, Xolida Pardaboyeva, Ahmadali Shernazarov kabi publitsist va jurnalistlarning asarlarida esa Sirdaryo hayoti, zamon nafasi va jamiyatdagi jarayonlar o‘z ifodasini topgan.
[gallery-32073]
Taqdimot tadbirini Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari Murodjon Haitov olib bordi. Unda Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev, filologiya fanlari doktori, professor Muzaffar Mamatqulov, «Yangi Sirdaryo» va «Navoiy Sirdaryo» gazetalari bosh muharriri Bahrom Boymurodov, Guliston davlat universiteti professori Ravshan Mahmudov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Aliqul Xonimqulov va boshqalar so‘zga chiqib, kitobning ahamiyati, viloyat adabiy muhitini rivojlantirish va ijodkorlar merosini keng targ‘ib etish masalalari yuzasidan fikr bildirishdi.
Tadbirda bunday nashrlar turli avlod ijodkorlarini birlashtirish, adabiy an’analarni davom ettirish va yoshlarni milliy adabiyotimizning sara namunalari bilan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Darhaqiqat, adabiyot xalqning tarixiy xotirasi, orzu-intilishlari va ma’naviy qiyofasini aks ettiradi. Sirdaryo zaminining tabiati, mehnatkash insonlari, yaratuvchanlik ruhi, milliy qadriyatlar va Vatanga muhabbat ijodkorlar asarlarida turli badiiy talqinlarda namoyon bo‘ladi. To‘plamda inson qadri, vatanparvarlik, muhabbat, ezgulik va zamon nafasi kabi mavzularning yoritilishi uning g‘oyaviy-badiiy qamrovini belgilaydi.
«Sayxun ilhomlari»ning ahamiyati shundaki, u ustozlar merosi bilan bugungi ijodkorlarning izlanishlarini bir maydonda jamlab, Sirdaryo adabiy muhitining boyligi va rang-barangligini namoyon etadi. Bu esa yosh qalam sohiblariga adabiy an’analarni o‘rganish, badiiy tafakkurini boyitish va ijodiy izlanishlarini davom ettirish uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Bugun kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yosh avlodni milliy adabiyotimizning sara namunalari bilan tanishtirish va ularda badiiy didni shakllantirish dolzarb vazifalardan biridir. Shu nuqtai nazardan, to‘plamning keng kitobxonlar ommasiga yetib borishi, ayniqsa, yoshlar orasida mutolaa qilinishi va muhokama etilishi muhimdir.
Zero, kitobning haqiqiy qadri uning sahifalari soni bilan emas, balki o‘quvchi qalbida uyg‘otgan tuyg‘ular, tafakkurida qoldirgan iz va hayotga bo‘lgan munosabatiga ko‘rsatgan ta’siri bilan belgilanadi. «Sayxun ilhomlari» ham Sirdaryo adabiy merosini asrab-avaylash, uni kelgusi avlodlarga yetkazish va yangi kitobxonlarni so‘z san’atiga oshno etishga xizmat qiluvchi muhim ma’naviy manbadir.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA