Sayohatga otlaning, tartib soddalashtirildi
O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlari ikki davlat Prezidentlarining Cholponota uchrashuvidan so‘ng yangi darajaga ko‘tarildi. Unda o‘ndan ziyod o‘zaro manfaatli shartnomalar imzolandi.
– Bu uchrashuvning tarixiy ahamiyati shundaki, uning natijalarini eng avvalo ikki mamlakat xalqlari his qiladi, – deydi Farg‘ona viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshid Ahmedov. – Unga ko‘ra, endi o‘zbek-qirg‘iz chegara punktlari soni 30 taga yetkaziladi. Natijada odamlar erkin sayohat qilishi, biznes yuritishi, o‘qishi va dam olishi mumkin. Ha, Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov 30-iyul kuni bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi.
Unda davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi bayonnoma ham bor.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolarining ikki mamlakat hududida bo‘lish qoidalari soddalashtirildi. 30-iyul kuni imzolangan protokolga muvofiq, ikki davlat fuqarolari qo‘shni mamlakat hududida doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tmasdan bo‘lish muddati avvalgi 5 kundan 15 kungacha uzaytirildi.
– Bu kabi qulayliklar avvalo O‘zbekiston – Qirg‘iziston o‘rtasidagi turizm yo‘nalishining keskin rivojlanishiga imkon yaratadi, – deydi Xurshid Ahmedov.
Muhammadjon Obidov O‘zA