Saylov va ommaviy axborot vositalari
Markaziy saylov komissiyasi va Birlashgan millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturi hamkorligida amalga oshirilayotgan “2019-2021 yillarda O‘zbekistonda saylov jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan jurnalistlar uchun saylovlarni ommaviy axborot vositalarida samarali yoritishga bag‘ishlangan onlayn trening tashkil etildi.
Markaziy saylov komissiyasi, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi, BMT Taraqqiyot dasturining yurtimizdagi vakolatxonasi va Shveysariya elchixonasi hamkorligida o‘tkazilayotgan ikki kunlik seminarning dastlabki kunida Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari B.Qo‘chqorov xalqaro standartlar va tavsiyalar asosida mamlakatimiz saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar, Saylov kodeksining o‘ziga xos xususiyatlari, milliy tajriba va amaliyot haqida so‘z yuritdi.
Slovakiyalik xalqaro ekspert Ivan Godarskiy esa saylov jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida yoritishning xalqaro standartlari va xorijiy tajriba haqida ma’ruza qildi. Bir qator davlatlar misolida bu jarayonning qay tarzda amalga oshirilishi tahlil qilindi.
Shuningdek, mahalliy trenerlar – O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti o‘qtuvchilari, dotsent Beruniy Alimov, Gulmira Shukurova saylov qonunchiligiga zid harakatlar uchun javobgarlik, saylovdan oldingi “sukunat kuni”ning ahamiyati, siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturi asosida tahliliy materiallar tayyorlashning o‘ziga xos jihatlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Saylov kampaniyasi va saylovoldi tashviqotini ommaviy axborot vositalarida yoritishdagi kamchiliklar muhokama etilib, ishtirokchilarning takif va mulohazalari eshitildi.
G‘.HASANOV, O‘zA