Saxovat va muruvvat tadbirlari davom etmoqda
Davlatimiz rahbarining “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida Orolbo‘yida ham keng ko‘lamli xayru saxovat va muruvvat tadbirlari o‘tkazilmoqda.
– Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida xayriya tadbirlari tashkil etildi, – deydi “Vaqf” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston filiali rahbari Islambek Tajetdinov. – Tadbirlar doirasida hududlardagi Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan 200 ta ehtiyojmand oilaga jami 300 kilogramm qurbonlik go‘shti tarqatildi. Shuningdek, Nukus shahridagi madrasa talabalari va ustozlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 3 bosh qo‘y so‘yilib, qurbonlik go‘shti yetkazib berildi. Mazkur tadbirlar orqali ehtiyojmand oilalar, shuningdek, ilm olayotgan talabalar va ustozlarga bayram arafasida moddiy hamda ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.

Qarorda og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan bolalarda, onkologik, gematologik va onkogematologik tashxis qo‘yilgan bemorlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, ularni davolash va jarrohlik amaliyotini, bemorlarda jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyotini o‘tkazish belgilangan. Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Xo‘jayli tumani hokimi rahbarligida, tuman tibbiyot birlashmasi, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan hamkorlikda turli kasalliklarga chalingan bemorlarga bepul jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun maxsus vaucherlar topshirildi. Bugungi kunga qadar tumanda 18 nafar bemor maxsus vaucherga ega bo‘ldi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va saxovat qadriyatlarini mustahkamlashga qaratilgan xayrli ishlari izchil davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.