Saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi
Erta – 1 martdan butun musulmon olamida Ramazon oyi boshlanmoqda. Yurtimizda ham ushbu muborak oyga katta hozirlik ko‘rildi.Kuni kecha davlatimiz rahbarining “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilib, bu oyda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berildi.
Xususan, ushbu fazilatli oyni “Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi” g‘oyasi asosida o‘tkazib, ehtiyojmandlar hamda ilm-ma’rifat yo‘lida izlanayotgan yoshlarga yordam berish bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, oilaviy rishtalarni mustahkamlash, mahallalarda o‘zaro tushunish va ishonch muhitini kuchaytirish, atrof-muhitni asrash, muqaddas qadamjo, ziyoratgoh va qabristonlarni obodonlashtirish, ko‘chatlar ekish masalalariga alohida e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, Ramazon oyi bilan bog‘liq tadbirlarda me’yorga amal qilish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik lozimligi ta’kidlandi.
Samarqand viloyatida ham muqaddas Ramazon oyini munosib o‘tkazish uchun puxta hozirlik ko‘rildi. Bu yil viloyatdagi 286 jome’ masjidida taroveh namozlari o‘qiladi va ularning 198 tasida Qur’on xatm qilinadi. Buning uchun masjidlarga zarur shart-sharoitlar yaratildi. Ichki ishlar, Milliy gvardiya xodimlari tomonidan masjidlar va ular atrofida jamoat xavfsizligini ta’minlash, piyodalar va transport vositalari qatnovini tartibga solish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
– Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) muborak hadislarida ro‘zadorning ro‘zasi faqat yeyish-ichishni tark etish bilan emas, balki yaxshi amallarni ko‘paytirish bilan ham sayqallanadi, deganlar, – deydi Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrulloh Sattorov. – Bu qutlug‘ oyda yordamga muhtojlar holidan xabar olish, ularga ko‘mak ko‘rsatish g‘oyat savobli amal sanaladi. Zero, Ramazon tenglik oyi bo‘lib, bu mavsumda qariyalar ziyorat qilinadi, bemorlardan xabar olinadi, muhtojlarga yordam beriladi, boshiga musibat tushganlardan ko‘ngil so‘raladi va yetimlar yupatiladi. Muqaddas Qur’oni karimda “Yenglar, ichinglar, isrof qilmanglar”, deyilgan. Keyingi paytda iftorlik tadbirlarida dabdababozlikka yo‘l qo‘yilayotgani ko‘ngilni xira qiladi. Ba’zida bu tadbirlarning katta bazmgohlarda, to‘yxonalarda tashkil etilishiga, dasturxonlarning keragidan ortiq bezatilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Birgina shu holatning o‘zi juda katta isrofgarchilikdir. Shuning uchun bunday noma’qul ishlardan tiyilish lozim. Bu borada viloyatimizdagi barcha imomlarga tegishli ko‘rsatmalar berilib, aholi o‘rtasida bu borada targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib borish, Ramazon oyini eng go‘zal amallar bilan o‘tkazish zarurligi uqdirildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri