Savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanmoqda
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Xitoy Xalq Respublikasining Guandun provinsiyasi Yashil ishlab chiqarish sanoati hamkorlik qo‘mitasi rahbari Uilyam Linni qabul qildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Xitoy davlat rahbarlarining oliy darajadagi muloqotlari natijasida ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilgani, ayniqsa investitsiya, sanoat va savdo sohalarida qator istiqbolli tashabbuslar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Viloyat hokimi o‘z so‘zida o‘tgan yilning 12-19-iyun kunlari Guandun provinsiyasiga amalga oshirgan tashrifi davomida hududlararo investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surilganini qayd etdi. Shuningdek, mazkur tashabbuslarni amalga oshirish va ikki hudud o‘rtasida mustahkam sheriklik munosabatlarini shakllantirishda Uilyam Linning hissasi alohida ekanini ta’kidlab, unga minnatdorlik bildirdi.

Muloqot chog‘ida avval erishilgan kelishuvlarni amaliy bosqichga olib chiqish, biznes loyihalarni o‘zaro ishonch va teng manfaatli hamkorlik asosida jadallashtirish hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar sanoat, investitsiya, eksport va logistika sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida Buxoro va Guandun hududlarida maxsus “shourum”lar tashkil etish, ikki tomonlama savdo aloqalarini rivojlantirish, mahalliy mahsulotlar targ‘ibotini kuchaytirish hamda Buxoro viloyatiga yirik va salohiyatli investorlarni jalb qilishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Guandun provinsiyasi bilan hamkorlikning mustahkamlanishi nafaqat ikki hudud o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishi, balki Buxoroning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga ham xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri