Saudiya portali O‘zbekistonnning sayyohlik salohiyatini yoritdi
Saudiyaning «Sayeh» portalida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi va zamonaviy sayyohlik infratuzilmasiga oid materiallar e’lon qilindi.
«Samarqand – madaniyatlar chorrahasi» maqolasida Buyuk Ipak yo‘lining eng muhim markazlaridan biri bo‘lgan Samarqand shahri va viloyatidagi YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy yodgorliklarga alohida e’tibor qaratilgan.
Muallif Registon maydoni, Go‘ri Amir maqbarasi, Ulug‘bek rasadxonasi, Bibixonim masjidi va Shohi Zinda majmualarini tilga oladi. Uning fikricha, qadimiy me’morchilik, murakkab qadama naqshlar hamda moviy sirkor koshinlarning o‘ziga xos jilosi ilm-fan, san’at va madaniyatning ko‘p asrlik taraqqiyotini o‘zida mujassam etgan.
Mamlakatimizdagi bugungi infratuzilmaga ham alohida e’tibor qaratiladi. Materialda qayd etilishicha, rivojlangan mehmonxonalar tarmog‘i, transport va xizmat ko‘rsatish sohalari respublika bo‘ylab qulay sayohat qilish imkoniyatini kengaytiradi.
«O‘zbekistondagi ajoyib sayohat taassurotlari» nomli materialda ko‘plab sayyohlik yo‘nalishlari haqida so‘z boradi.
Samarqand, Buxoro, uning Poyi Kalon ansambli va Ark qo‘rg‘oni, shuningdek, Xivadagi Ichan qal’a tarixiy majmuasi sayohat qilish tavsiya etiladigan maskanlar qatoriga kiritilgan. Toshkent o‘ziga xos arxitekturasi va mashhur metropoliteniga ega zamonaviy megapolis sifatida tasvirlangan. Zomin va Tyan-Shan tog‘li hududlari ekologik turizm uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida alohida qayd etilgan.
Maqolalarda, shuningdek, milliy oshxonamiz, palov tayyorlash an’analari, sharqona bozorlarimiz va hunarmandchilik ustaxonalariga ham e’tibor qaratiladi.
«Sayeh» portalidagi maqolalar O‘zbekistonni tarixiy meros, zamonaviy shahar infratuzilmasi va an’anaviy madaniyat bilan uyg‘unlashgan sayyohlik manzili sifatida tasvirlaydi. Mehmonxonalar tarmog‘ining kengaytirilishi, transport infratuzilmasining takomillashtirilishi va sayyohlik xizmatlarining rivojlantirilishi mamlakat tarixi va madaniyati bilan tanishish, shuningdek, tabiat qo‘ynida hordiq chiqarish istagida bo‘lgan xorijiy sayohatchilar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Aziza Alimova, O‘zA