Sarhisob: ko‘mir sanoatida natijalar va yangi vazifalar
"O‘zbekko‘mir" aksiyadorlik jamiyatida 2026-yil birinchi yarim yilligi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda “O‘zbekko‘mir” AJ bosh direktori Nodirbek Dusmatov jamiyatning joriy yil birinchi yarim yilligida amalga oshirgan ishlari, erishilgan natijalar va istiqboldagi vazifalar haqida ma’lumot berdi. Bugungi kunda mamlakatimizda energiya resurslariga bo‘lgan talab ortib borayotgani ko‘mir sanoati oldiga qator muhim vazifalarni qo‘ymoqda. Ko‘mir nafaqat aholini, balki iqtisodiyotning qator tarmoqlarini yoqilg‘i bilan ta’minlashda muhim resurslardan biri hisoblanadi.
Shu bois tarmoqda ishlab chiqarish hajmini oshirish bilan bir qatorda mahsulot sifatini ta’minlash, iste’molchilarga ko‘mirni o‘z vaqtida yetkazib berish, mavjud resurslardan samarali foydalanish va ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. “O‘zbekko‘mir” AJning 2026-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyatiga nazar tashlansa, asosiy ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari bo‘yicha barqaror natijalar qayd etilganini ko‘rish mumkin.
Hisobot davrida kon yuzasini ochish ishlari 14,8 million kub metrni tashkil etib, belgilangan prognoz ko‘rsatkichi yuz foiz bajarildi. Shu davrda 2 million 202,5 ming tonna ko‘mir qazib chiqarildi. Iste’molchilarga yetkazib berilgan ko‘mir hajmi esa 2 million 885,5 ming tonnani tashkil etdi. Natijada mazkur yo‘nalishda belgilangan prognoz ko‘rsatkichi 107,1 foizga bajarildi.
Ishlab chiqarish hajmini oshirish bilan birga resurslardan oqilona va tejamkor foydalanishga ham e’tibor kuchaytirilmoqda. Tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida hisobot davrida 409,9 tonna dizel yoqilg‘isi tejaldi. Buning hisobiga qariyb 6 milliard so‘m iqtisodiy samaraga erishildi. Bu kabi ko‘rsatkichlar korxonalarda ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish, yoqilg‘i-energetika resurslaridan samarali foydalanish hamda xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil davom ettirilayotganidan dalolat beradi.
Sohada zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish va ma’lumotlar almashinuvini tezlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, MyCoal.uz elektron platformasi, avtomatlashtirilgan dispetcherlik tizimi, ASKUE va boshqa axborot tizimlaridan foydalanish ko‘lami kengaytirilmoqda. Raqamli texnologiyalarni ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlariga keng joriy etilishi ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish, ish jarayonlarini yanada shaffof tashkil etish, nazoratni kuchaytirish va boshqaruv qarorlarining samaradorligini oshirish imkonini bermoqda.
Ishlab chiqarishning barqarorligi, avvalo, malakali kadrlarga bog‘liq. Shu maqsadda jamiyatda xodimlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirishga e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilning birinchi yarim yilligida 263 nafar xodim malaka oshirish kurslarida ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida jamiyat faoliyatida ochiqlik va jamoatchilik bilan muloqotni ta’minlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Hisobot davrida jamiyatga 262 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 85,8 foizi ijobiy hal etilgan. Jamiyat faoliyatiga oid ma’lumotlarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida matbuot anjumanlari va brifinglar tashkil etilmoqda. Rasmiy veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlarda ham korxona faoliyati, ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari va sohadagi yangiliklarga oid axborotlar muntazam berilmoqda.
Shuningdek, ko‘mir sanoatida bozor tamoyillarini bosqichma-bosqich joriy etish bilan bog‘liq yangiliklar ham keng muhokama qilindi. Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyuldagi tegishli qarori bilan ko‘mir sanoatida bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish, raqobat muhitini shakllantirish hamda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari belgilangani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, bozor mexanizmlariga o‘tish “O‘zbekko‘mir” AJning aholi va byudjet tashkilotlarini ko‘mir bilan ta’minlashdagi mas’uliyati kamayadi, degani emas. Jamiyat zimmasida belgilangan hajmdagi ko‘mirni kafolatlangan tarzda qazib chiqarish va yetkazib berish, mahsulot sifatini ta’minlash, belgilangan muddatlarda yuklab jo‘natish hamda zarur zaxiralarni shakllantirish kabi muhim vazifalar saqlanib qoladi.
Ayni paytda jamiyat oldida turgan eng muhim vazifalardan biri — 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish. Mavsumda respublika bo‘yicha 11 million tonna ko‘mir qazib chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 7 million tonnasi “O‘zbekko‘mir” AJ hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu esa ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, maxsus texnika va texnologik uskunalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash, zarur zaxiralarni o‘z vaqtida shakllantirish, mahsulot sifatini nazorat qilish va iste’molchilarga yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirishni talab etadi.
A.Musayev, O‘zA