Sardobalik iste’dodlar e’tirof etildi
Xorazm viloyatining Xiva shahrida milliy madaniyat va san’atni rivojlantirish, ijodiy almashuv va xalqaro tajriba orttirish, yosh ijodkorlar va san’at ahlini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan “Khiva Art Fest – 2026” xalqaro san’at festivali Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanidagi 9‑son Bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilari hayotida yorqin iz qoldirdi. Ushbu maktab jamoasi festival doirasida tashkil etilgan tanlovda munosib ishtirok etib, g‘oliblar qatorida e’tirof etildi.
Festival xalq san’ati, tasviriy ijod, teatr va musiqiy ijro kabi bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tkazildi. Bu kabi tadbirlar yoshlar iste’dodini namoyon qilish va milliy madaniy merosimizni keng auditoriyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Eng muhimi, Tasviriy san’at va teatr yo‘nalishida ishtirok etgan maktab o‘quvchilari — Shahlo Keldibekova, Sojida Abdurasulova, Azizbek Soatov va teatr yo‘nalishi bo‘yicha ishtirok etgan Laylo Hikmatovalar faxrli 1‑o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Xalq cholg‘ulari yo‘nalishida ishtirok etgan maktab o‘quvchisi Dilyorbek Hasanov esa 3‑o‘ringa sazovor bo‘ldi.
– Bu yutuqlar bolalarning salohiyati va ustozlar mehnati samarasidir, – deydi maktab direktori Zuhriddin Narzullayev. – "Khiva Art Fest – 2026’ xalqaro festivallari yoshlarimiz uchun nafaqat ijodiy salohiyatlarini rivojlantirish, balki milliy madaniy merosimizni qadrlash va saqlashda ham muhim tajriba bo‘ladi. Biz kelgusi yillarda ham shunday muvaffaqiyatlarga erishishga harakat qilamiz.

Bu yutuq maktab jamoasi uchun faxr va ilhom manbai bo‘lib, bolalarning ijodiy salohiyatini yanada rivojlantirish va ularni zamonaviy san’at maydonida faol ishtirok etishga undaydi. Shuningdek, festival maktab ustozlari va o‘quvchilari uchun professional va ijodiy aloqaga kirishish, tajriba almashish imkonini ham beradi.
G‘ulom Primov, O‘zA