Sardobada yetishtirilgan mosh xorijga eksport qilinmoqda
Sardoba tumanida yetishtirilayotgan moshni qayta ishlash va eksport hajmini oshirish bo‘yicha amaliy ishlar natija bermoqda. Tumandagi «Oqoltin Green Gold Export» korxonasida saralanib, kalibrlangan va zamonaviy usulda qadoqlangan moshni Xitoy bozoriga yetkazib berish bo‘yicha umumiy qiymati 5 million dollarlik shartnomalar imzolandi.
Bu haqda OAV vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirokida korxonada tashkil etilgan press-tur davomida ma’lumot berildi. Ishtirokchilar korxona faoliyati bilan bevosita tanishib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qabul qilish, saralash va kalibrlashdan tortib, zamonaviy texnologiyalar asosida qadoqlash hamda eksportga tayyorlashgacha bo‘lgan jarayonni ko‘zdan kechirdi.
O‘zbekiston–Xitoy hamkorligi asosida faoliyat yuritayotgan korxona dukkakli ekinlar, xususan, moshni qayta ishlash va eksport qilishga ixtisoslashgan. Bu yerga xomashyo Sardoba tumanidagi 4 ming gektar maydondan, shuningdek, Jizzax viloyatining Paxtakor va Do‘stlik tumanlaridan yetkazib beriladi.

Korxonada mahsulot sifati va eksport talablariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xitoyning «Juletta» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, qiymati 250 ming AQSH dollariga teng zamonaviy ko‘p funksiyali saralash va qadoqlash uskunalari o‘rnatilgan. Mazkur uskunalar sutkasiga 50 tonnagacha moshni saralash va qadoqlash imkonini beradi.
Moshni qayta ishlash orqali mahsulotga qo‘shilayotgan qiymat ham ortadi. Saralangan va kalibrlangan mahsulotning tashqi ko‘rinishi, bir xilligi va qadoqlanishi eksport bozori talablariga moslashtiriladi. Shu tariqa, daladan olingan xomashyo tayyor eksport mahsulotiga aylantirilmoqda.

Mosh oziq-ovqat sanoatida keng qo‘llaniladigan dukkakli ekinlardan biri bo‘lib, tarkibida oqsil, oziq-ovqat tolalari, temir va folat kabi ozuqa moddalari mavjud. Shu bois unga ichki bozor bilan birga xorijda ham talab yuqori.
Korxona faoliyatining yana bir muhim jihati — yangi ish o‘rinlarining yaratilayotganidir. Hozirda bu yerda 5 ta yangi ish o‘rni yaratilgan, yana 8 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud. Xodimlarning o‘rtacha oylik ish haqi 9–10 million so‘mni tashkil etmoqda.
Bo‘sh ish o‘rinlariga, avvalo, kam daromadli oilalar va ishsiz yoshlarni jalb etish rejalashtirilgan.

Korxonadagi bu jarayon mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, unga qo‘shimcha qiymat qo‘shish va tayyor mahsulot sifatida tashqi bozorga chiqarish imkoniyatini kengaytirmoqda. Bu esa tumanning eksport salohiyatini oshirish bilan birga, yangi ish o‘rinlarini yaratishga ham xizmat qilmoqda.

— Sardobada yetishtirilgan moshni zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlab, xorij bozoriga chiqarish mahalliy xomashyodan eksportbop mahsulot tayyorlash hajmini oshirishga xizmat qilmoqda. Bu, o‘z navbatida, tumanning eksport salohiyatini yuksaltirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini ko‘paytirishga zamin yaratadi. Kelgusida nafaqat ishlab chiqarish hajmini, balki eksport geografiyasini ham kengaytirish rejalashtirilgan. Ayni paytda yangi bozorlarni o‘zlashtirish va mahsulot turlarini ko‘paytirish ustida ish olib borilmoqda, — deydi Sardoba tuman hokimligi Investitsiyalar, sanoat va savdo sho‘basi bosh mutaxassisi Bekzod Do‘sbekov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri