Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat nazorati samaradorligi oshiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor bir qator masalalar muhokamasi rejalashtirilgan.
Majlisda dastlab sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligini ta’minlash sohalaridagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasi bilan amaldagi qonun hujjatlariga sanoat, radiatsiyaviy va yadro xavfsizligi hamda atom energiyasidan foydalanish sohalarida davlat nazorati tizimini takomillashtirish, ushbu sohalardagi huquqiy munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan qo‘shimchalarga ko‘ra, atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Bir qator qonunlarda vakolatli organlarning vakolatlari, huquqiy maqomi aniqlashtirilmoqda.
Shuningdek, loyihada yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llashga oid qoidalar nazarda tutilmoqda. Bu sohadagi sub’ektlar mas’uliyatini oshirish va qonunchilik talablariga rioya etilishini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Muhokamalar davomida qonun loyihasidagi normalar bo‘yicha bir qator savollar o‘rtaga tashlandi. Jumladan, yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llashga oid norma bo‘yicha ayrim e’tirozlar bildirildi. Ya’ni, sanoat xavfsizligiga amal qilmagan xodim emas, tashkilot javobgarlikka tortilishi qay darajada to‘g‘ri bo‘lishi masalasi o‘rtaga tashlandi. Bu borada tegishli javoblar qaytarildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi sanoat xavfsizligi, radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizlik sohalaridagi vakolatli organlarning vakolatlarini aniqlashtirish, mazkur sohalardagi qoidalarni va boshqa talablarni buzganlik uchun ta’sir choralarini qo‘llashda mutanosiblik va yetarlilik prinsiplariga rioya etilishini ta’minlash, sohada davlat nazorati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Moddama-modda muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA