Sanitariya-epidemiologiya sohasida kadrlar salohiyatini oshirish — ustuvor yo‘nalish
Har qanday sohaning rivoji, eng avvalo, kadrlar salohiyatiga bevosita bog‘liq. Ayniqsa, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi yo‘nalishida malakali mutaxassislarni tayyorlash, ularning bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirib borish ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shu bois, mazkur sohada kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, xalqaro tajribani joriy etish va hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
2025-yilda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tomonidan xalqaro hamkorlik doirasida qator muhim natijalarga erishildi.
Jumladan, JSST, UNICEF, UNOPS, KOICA kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, Germaniya, Niderlandiya, Koreya, Malayziya va Belarus davlatlari bilan memorandumlar imzolandi.
Yil davomida 40 nafar xalqaro ekspert ishtirokida Kengash yig‘ilishi o‘tkazilib, markazda malaka oshirish jarayoniga xalqaro yondashuvlar taqdim etildi.
Xalqaro loyihalar doirasida UNOPS tenderida g‘oliblik qo‘lga kiritildi. 100 nafar epidemiolog o‘z malakasini oshirdi, 60 nafar laboratoriya mutaxassisi o‘qitildi.
JSST bilan hamkorlikda laboratoriyalar yetakchilari va rahbarlari uchun global dastur (GLLP) amalga oshirildi. Tanlovda ishtirok etgan 80 nafar ishtirokchidan jamoat salomatligi, veterinariya va o‘simliklar karantini sohalari bo‘yicha 20 nafar g‘olib aniqlandi. Ularning 18 nafari laboratoriya rahbarlari sifatida 9 ta modul bo‘yicha qayta tayyorlandi. Mavzular yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlari ham olib borildi.
Seminar va treninglar doirasida 24 nafar xalqaro ekspert ishtirokida masofaviy o‘qitish mashg‘ulotlari tashkil etildi. HACCP va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha seminarlarda 43 nafar ishtirokchi qatnashdi. Koreya mutaxassislari ishtirokida amaliy treninglar o‘tkazildi.
KOICA hamkorligida 100 ga yaqin mutaxassis TOT bosqichlarida o‘qitildi. Ilmiy-tadqiqot va epidemiologiya yo‘nalishida 40 nafar mutaxassis xorijiy dasturlar asosida tayyorlandi.
Ilmiy va innovatsion faoliyat doirasida davlat dasturlari uchun yangi loyihalar shakllantirildi hamda ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirildi.
Jamoatchilik ishlari doirasida “Toza likopcha” aksiyasi o‘tkazilib, aholi o‘rtasida sog‘lom ovqatlanish targ‘iboti kuchaytirildi.
Shuningdek, o‘quv dasturlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. “Biologik xavfsizlik va himoya” yo‘nalishida xalqaro tajriba asosida 36 soatlik kurs ishlab chiqildi. UNICEF bilan hamkorlikda yangi o‘quv dasturi yaratildi. Bundan tashqari, 36 va 144 soatlik “Oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligiga qo‘yiladigan gigiyenik talablar” mavzusida yangi o‘quv dasturlari ishlab chiqildi.
Mazkur natijalar sohada kadrlar salohiyatini oshirish, ilmiy yondashuvlarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA