Sangi oina Bobur taqdirini bashorat qilganmi?
14 fevral –Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun

Tarixiy haqiqat va badiiy to‘qima masalasi tarix fanining o‘rganish ob’ekti bo‘lsa-da, ushbu masalani adabiy manbalar va xalq og‘zaki ijodi misolida ham o‘rganish muammoning har tomonlama yoritilishiga imkon yaratadi. Shu bois, keyingi yillarda o‘zbek adabiyotshunosligida ham tarixiy haqiqat va badiiy to‘qimaga doir ayrim ishlar maydonga keldi.
“Oltin beshik” va “Sangi oina” rivoyatlari Zahiriddin Muhammad Boburning Farg‘ona viloyati So‘x tumanida bir yil muddat davomida kechirgan hayoti va sargardonligi bilan aloqador bo‘lib, bular o‘z vaqtida nafaqat shoh va shoir hayotida, balki Qo‘qon xonligi tarixida ham muhim siyosiy ahamiyat kasb etgan.
Ma’lumki, Boburning umri jangu jadallarda o‘tgan. 12 yoshida Andijonda taxtga o‘tirib, toki Hindistonni to‘la zabt etgunga qadar bosib o‘tgan hayot yo‘liga nazar solinsa, bir so‘z bilan buni halovatsiz umr deyish mumkin. Ammo shu behalovat umri orasidan biz uning hayotga naqadar oshiqligi, tiriklikning barcha hodisotlari yuragida, ruhida o‘rnashib qolganligini ko‘ramiz va u mislsiz aql-zakovat, ilohiy zavq va pokiza hissiyot egasi ekanligini sezib turamiz.
Umuman, «Boburnoma» asarini o‘qir ekanmiz, uning qanchalik tarixiy qimmatga ega ekanligini baholashga aql ojizlik qiladi. Chunki asarda aniq sanalar, joy va odamlar, tabiat mo‘’jizalari – hayvonot va nabotot sirlari bitilganki, bu asarni bitishning o‘zi muallifning katta sabr-toqat sohibi ekanligini ko‘rsatib turadi. Shu bilan birga, e’tibor berilsa, asarda Bobur ruhining naqadar pok, zehni yuksak darajada o‘tkir ekanligi namoyon bo‘ladi. Masalan, mavzuga doir bir misol keltiramiz: «Isfaraning bir shar’isida janub sori pushtalarning orasida bir parcha tosh tushubdur. «Sangi oina» derlar, uzunligi taxminan o‘n qarich bo‘lg‘ay, balandligi ba’zi yeri kishi bo‘yi, ba’zi yeri kishining belicha bo‘lg‘ay, oyinadek har nima mun’akis bo‘lur» [2, 7-bet] ta’rifida to‘g‘ridan-to‘g‘ri jangu jadallar bilan ketayotgan Boburda toshga nisbatan sarkarda sinchkovligi aks etsa, toshning joylashuvi ta’rifi orqali uning jug‘rofiya ilmidan xabardor ekanligi namoyon bo‘ladi.
Bobur Farg‘onada Shayboniyxondan yengilgach, bir muncha vaqt toju taxtdan mahrum bo‘lib, So‘x va Hushyor (tog‘lar orasida joylashgan Qirg‘iziston bilan chegaradosh hozirgi So‘x qishloqlaridan biri) tog‘larida kun kechirishining boisi So‘x, ayniqsa, Hushyor dushmandan himoyalanish uchun strategik jihatdan qulay joy hisoblanadi. Bu haqda geograf olim X.Hasanov quyidagicha fikr bildiradi: «Bobur Samarqand–Qarshi orqali Hisorga yurishi mumkin bo‘lmagan, chunki Shayboniyxon yo‘lini to‘sib qo‘ygan. Samarkand–Zarafshon vodiysi orqali yurishi ham xavfli bo‘lgan. Bu yerlarda Shayboniyxon tarafdorlari hukmronlik qilgan. Mirzo Bobur Farg‘ona vodiysidan oxirgi marta ketganida baland tog‘lar (Oloy va Qorategin)dan oshib, Mastchoh qishlog‘idan Garm va Obigarm orqali Hisor vodiysiga tushgan bo‘lishi mumkin». Chunonchi, Arxiyon yaqinidagi mag‘lubiyatdan so‘ng Mirzo Boburga faqat So‘x tomon orqaligina Farg‘onani tark etish chorasi qolgan edi. 1871 yil Qo‘qon xonligiga tashrif buyurgan rus olimi A.P.Fedchenko ham So‘x qishloqlarida bo‘lib, bu yerlarning har tomonlama xavf-xatardan xoli joy ekanligini ko‘rgach, quyidagilarni keltirib o‘tadi: “Men Qo‘qonda bo‘lgan vaqtim So‘xda xon tomonidan qo‘rg‘on qurilganligini aytishdi. Shu qo‘rg‘onlardan biri haqida eshitganim shu bo‘ldiki, qo‘rg‘on odam chiqib bo‘lmas baland qoya ustida bino qilingan ekan... Yana shuni ma’lum qilamanki, So‘xning yuqori qismi deyarli har tomonlama tog‘lar bilan o‘ralgan bo‘lib, Chichiqtov tarafdan yurish juda xavfli. U ham bo‘lsa, So‘xning quyi tomoniga olib boruvchi yo‘ldir. Shavkatli Bobur ham toju taxtdan mahrum bo‘lgan kezlar So‘x tog‘i va Hushyor hududida bir yilga yaqin yashirinib yurgan ekan”. A.P.Fedchenkoning ushbu ma’lumotidan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, Mirzo Bobur bu yerlarni yashash uchun bejizga tanlamagan edi. Binobarin, So‘xning yuqori qismi va Hushyor qishlog‘i dushman ta’qibidan berkinish uchun juda qulay joy edi. Qolaversa, So‘xda kun kechirishning ham o‘ziga xos tomonlari mavjud: ovlanadigan jonzotlar ko‘p, suvlari mazali, havosi toza... Shu bilan birga, juda kam ehtimol bilan Bobur “har nima”ning aksini ko‘rsatadigan Sangi oina, ya’ni oyna toshda o‘z kelajagi va taqdirini ko‘rish uchun borgan, deb aytish mumkin. Lekin tarixiy manbalar Bobur so‘xliklar bilan yashayotgan vaqt So‘xning Tul qishlog‘ida Sangi oina deb ataluvchi toshga duch kelganligi, bu tosh kelajakdan bashorat beruvchi tosh bo‘lganligi uchun ham u o‘zining kelajagidan xabar topganligi hamda unda yana toju taxtga umid uygongach, qo‘shin to‘plab Qobulga yurish qilganligi va u yerdan Hindistonni zabt etganligi ta’kidlanadi.
Darhaqiqat, So‘x mahalliy aholisi muqaddas deb bilgan, yurt boshiga falokat kelganida yoki musibat odamlarni tark etmay qo‘ygan paytlari madad so‘rab iltijo qilgan, muhimi, “har nima”ning aksi ko‘ringan mo‘’jizaviy tosh – “Sangi oina” Bobur hayoti va taqdirida burilish yasalishiga sabab bo‘lgan. Toshning sirlaridan yana biri shu ediki, bemor kelib toshga suykalsa, darddan forig‘ bo‘lgan. Hatto hayvonlarning ham biror joyi shikast yetsa, shu toshga kelib tuzalar ekan. Shuning uchun ham so‘xliklar uni “sirli tosh” deb ham atashgan. Toshning yana bir sirli tomoni shunda ekanki, unda faqat pok insonlargina o‘z aksini ko‘ra olgan. Bobur Mirzo ham tushida va mahalliy aholidan eshitgan Sangi oinaning oldiga kelib, unga nazar solgan dam unda toju taxtdan shohona liboslar bilan o‘tirgan surati namoyon bo‘libdi. Shundan so‘ng Mirzo Bobur Tangriga behisob shukronalar aytib, ortga qaytibdi va shu zaylda Qobul sari ravona bo‘lib, yana hukmdorlikni qo‘lga kiritibdi.
Shuni aytib o‘tish joizki, tarixda Sulton Bobur bilan bog‘lik yana bir necha toshlar mavjud bo‘lib, bu toshlar ham Bobur Mirzo umrini sargardonlikdan kechgan davri hakida hikoya qiladi. Ya’ni 1501 yili Bobur Mirzo uzoq davom etgan qamaldan so‘ng Samarqandni tashlab chiqqach, bir necha oy mobaynida sarson-sargardonlikda umr kechirgan. O‘sha kezlar u Mastchoh qishlog‘idagi qayroqtoshga she’riy misralarni o‘yib yozdirgan edi. Bobur Mirzoga tegishli mazkur qayroqtoshni keyinchalik 1953 yilda Ahror Muxtorov mahalliy aholining yordamida izlab topishga muyassar bo‘ldi. Toshning hajmi 51x45x16 sm bo‘lib, silliqlangan yuzasi 20x30 sm ni tashkil qilgan. Toshda chindan ham Bobur Mirzo tarafidan o‘yib yozdirilgan she’r va uning tagida «xatni yozdi Bobur, xijriy 917» degan yozuv ham tushirilgan edi. Hozir esa mazkur tosh Tojikiston davlat arxeologiya muzeyida saqlanmokda.
Taniqli olim S.Korayevning keltirishicha, Mastchoning Ovchi va Yangiariq qishloqlari orasidagi darada «Boburxon taxti» degan boshqa bir katta yassi tosh ham bor. Rivoyatga ko‘ra, Bobur Mirzo shu yerda to‘xtab o‘tayotganida ana shu toshda o‘tirib dam olgan ekan. O‘shandan buyon ushbu tosh muqaddas toshga aylangan.
Bobur Mirzoning Mastchohda toshga bitgan baytlari So‘xdagi u bilan bog‘liq afsonaning hakikatga yaqin ekanligini isbotlayotganday tuyuladi. Temuriylar saltanatining poytaxti Samarqandni olib, so‘ngra uni boy berib, dunyo ne’matlaridan voz kechib, tog‘lar ichida hayot kechirish Bobur Mirzoga xos xususiyat edi. Ammo uning metin irodasi har qanday og‘ir sharoitda ham, inson bolasi dosh bera olmaydigan fojealar suronida ham, shavkatli sarkardaga pand bermadi. Xalqimizda «Afsonaning zamirida hakikat yotadi» degan naql bor. Nazarimizda, So‘xdagi Sangi oina bilan bog‘lik afsonalarning zamirida chin haqiqat yashiringandek. Binobarin, bir necha asrlar o‘tgan bo‘lishiga qaramay, mahalliy aholi o‘rtasida Bobur Mirzo bilan bog‘liq afsonaning saqlanib qolganligi bizdan afsonalarga har doim atroflicha yondashishimiz zarurligini talab kiladi: “Sangi oina” afsonami, haqiqatmi? Yana shu savolni bergan holda, quyidagi xulosaga kelish mumkin bo‘ladi: bu muqaddas zaminda yashab o‘tgan ulug‘ zotlar to‘g‘risida so‘z yuritganimizda, biz ular to‘g‘risida ko‘plab afsona va rivoyatlarga duch kelamiz. Afsuski, bu afsonalarni ba’zi birovlar quruq uydirma gaplardek qabul qiladilar va boshqalarni ham bu afsonalarga ishonmaslikka undaydilar. Ammo, aytganlaridek, afsona har qanday dalildan ham tarixiyroqdir.
Tarixchi O‘.So‘fiyevning qayd etishicha, Dehvayron va Suratii Tul tog‘laridan topilgan toshga bitilgan suratlar bu yerda odamlar juda qadimdan, ya’ni Tosh asri (paleolit, sezolit va neolit)dan boshlab yashaganligidan dalolat beradi.
Qur’oni karimda «U joy (jannat)da ko‘ngillar tilaydigan va ko‘zlar lazzatlanadigan barcha narsalar bordir» deyilganidek, darhaqiqat, So‘x o‘zining qadimiyligi bilan tarixchilarni, strategik qulayligi bilan shohlarni, antikuvar nabotot va hayvonot olami bilan biologlarni, jannatmonandligi bilan esa shoirlarni o‘ziga maftun etib kelganligini quyidagi she’riy misralar bilan ham tasdiqlash mumkin:
Hazrati Alining qadami yetgan
Qahqaha ovozi olamni tutgan,
Roviylar tarixga So‘x debon bitgan,
Mahmud G‘aznaviyning qalbin rom etgan,
Bobur Mirzo ko‘ngil uzolmay ketgan,
Isming yuragimda lovullagan chug‘,
Muqaddas tuprog‘im jannatmonand So‘x.
(Iqbol Mirzo. “Jannatmonand So‘x” madhiyasi)
"Boburnoma"ning dastlabki sahifalari 1494 yil voqealari Farg‘ona viloyatining tasviri bilan boshlanadi. Muallif Isfara viloyati haqida so‘z yuritar ekan, Movarounnahrning Shayboniyxon tomonidan egallanishi tarixiga to‘xtaladi: "Muhammad Shayboniyxon Sulton Mahmudxon bila Olachaxong‘a shikast berib, Toshkand va Shohruxiyani olg‘on mahalda, ushbu So‘x bila Hushyor ko‘hpoyalarig‘a kelib, bir yilg‘a yovuq tanqisliq bila o‘tkarib, Kobul azimati qildim".
Forsiy tildagi ikkinchi «Boburnoma» deyishimiz mumkin bo‘lgan «Tarixi Rashidiy» asarida ham Bobur Mirzoning siyosiy sharoitni o‘rganish uchun So‘x va Hushyorda bir yil azob-mashaqqatda kechirgan kunlari bir hadis dalolati bilan shunday berilgan: «Podshoh Farg‘ona janubidagi tog‘larga ketdi va ko‘plab qiyinchiliklar, mashaqqatlarni boshdan kechirdi. Podshohning onasi ham hamroh edi. Podshoh mulozimlarining ko‘pchiligi ahli ayollari bilan ko‘chmoqda edi. Mo‘minlarning imomi, yaxshilarning yaxshisi, musulmonlarning amiri Hazrat Ali (Alloh uning yuzini iymon nuri bilan yoritsin) bunday degan ekan: «Hazrat Payg‘ambarimizning so‘zlariga ko‘ra: «Safar – do‘zaxning bir parchasidir». Makkor falakning zulmkorligiga ko‘ra, har bir aziz va gavhar kabi pok kishilar uchun tayyorlagan jafokorligi va dushmanligi, xorlikka solishlari qancha bo‘lsa, ularning hammasi ana shu safarda Bobur Podshohning va uning safdoshlari boshlariga yog‘ildi».
Ushbu voqealar Xurshid Davronning “Samarqand xayoli” asarida quyidagicha izohlanadi: “Bobur Mirzo So‘x tomonlarda bir yilcha sargardon umr kechirib, so‘ng bir hovuch yigitlari bilan tog‘ oshib, daryo kechib Kobil tomonlarga bosh olib ketdi. U manzilni mo‘ljallab borarkan, na uyqusida, na o‘ngida halovat topardi. Kecha-yu kunduz yo‘l bosib, ot ustida tebrangancha Mir Alisher Navoiyning bir baytini og‘zidan qo‘ymay, qayta-qayta takrorlardi:
Maqsud topilsa yaxshi, yo‘qsa netayin,
Boshimni olib qay sori emdi ketayin?.. “Maqsud topilsa yaxshi, – deb pichirlardi uning toliqishdan oqargan lablari, – maqsud topilsa yaxshi…” Alam bilan aytilayotgan bu so‘zlar uning ichida kuchli qiynoq jo ekanidan darak berardi. Dilini o‘rtayotgan fojiaga – vatandan “bosh olib ketmoqqa” Bobur Mirzo ruhan tayyor edi”.
Pirimqul Qodirovning “Tilidan ayrilgan xalq ma’naviy Vatanidan judo bo‘ladi” nomli maqolasida esa So‘x va Hushyorda Boburning quvg‘inda ikki yil yurganligi alohida ta’kidlanadi. «Boburnoma»da nomlari zikr etilgan, Boburga yaxshilik qilgan so‘xlik odamlar keyinchalik Boburni yo‘qlab Hindistonga borganligi, undan katta e’zoz ko‘rganliklari tarixiy fakt sifatida qayd etiladi hamda katta ehtimol bilan ularning avlodlari hamon tirikligiga urg‘u beriladi. Ushbu ma’lumotlar “Boburnoma”da quyidagicha izohlanadi: “…Shanba kuni oyning oltisida to‘y bo‘ldi. Qizilbosh va o‘zbak va hindularning elchilari bu to‘yda bor erdilar… Yana Andijondin va beviloyat va bevatan yurgan yerlarimiz va So‘x va Hushyordin kelganlarga chakmanlar va qumosh xil’atlar va oltundin va kumushdin, raxtdin, jinsdin in’omlar bo‘ldi. Qurbon bila Shayxning navkarlariga va Kohmard raoyosig‘a ham ushbu dastur bila inoyatlar bo‘ldi”.
“Boburnoma”da tilga olingan So‘x va Hushyor qishlog‘i ahlining aynan Mirzo Boburning Farg‘onadan olis Hindistonda 1528 yili bergan ziyofatida ishtirok etib, qimmatbaho sovg‘a-salomlar olishlaridan Boburning So‘x va Hushyorda o‘tkazgan paytlarida mahalliy aholi tomonidan o‘z vaqtida katta hurmat va izzat ko‘rganliklarini xulosa qilish mumkin.
Adib Pirimqul Qodirov tarixchilar oldiga Bobur va So‘x bilan aloqador muhim bir masalani o‘rganish dolzarbligini qo‘yadi: “Boburning So‘x, va Hushyordan Xurosonga quvg‘in bo‘lishi haqida «Tilla beshik» degan mashhur rivoyat ham yaratilgan. Uning beshikda qolgan o‘g‘li keyinchalik el e’zozlaydigan odam bo‘lib yetishgan, vafot etgach, Qo‘qon yaqinida maxsus maqbaraga dafn etilgan, degan hikoyatlar bor. Bu rivoyat va hikoyatlar hayot haqiqatiga qanchalik to‘g‘ri kelishini tarixchilarimiz aniqlasalar yaxshi bo‘lardi”.
Boburning 4 o‘g‘il farzand ko‘rganligi ma’lum: Humoyun Mirzo, Komron Mirzo, Askariy Mirzo, Hindol Mirzo. Biroq afsonalarda uning yana bir o‘g‘li bo‘lgani aytiladi. Oltin beshikka solib tashlab ketilgan chaqaloqni ming urug‘i oqsoqoli topib olib, voyaga yetkazadi. Ushbu “Oltin Beshik” afsonasi Qo‘qon xonligi taxtini ming urug‘i vakillari egallashi uchun asos bo‘lgan. “Oltin beshik” – Qo‘qon xonligini idora etgan ming sulolasining kelib chiqishi haqidagi rivoyatga ko‘ra, 1512 y. Bobur Samarqanddan Farg‘ona orqali Hindistonga qochadi, yo‘lda Boburning xotinlaridan biri – Saidofoq o‘g‘il tug‘adi. Qochoqlar go‘dakni qarovsiz tashlab ketishga majbur bo‘lishgan. Uni qimmatbaho ziynat buyumlari qo‘yilgan beshikka yotqizib, sodiq xizmatkorlardan biriga qoldiradilar. U Boburga go‘dakning taqdiri haqida xabar berishi kerak bo‘lgan. Bu vaqtda mazkur joyda o‘zbeklarning qirq, qipchoq, qirg‘iz va ming urug‘larining ovullari bor edi. Ushbu urug‘ vakillari bolani topib, unga Oltin Beshik deb nom qo‘yganlar. Bola ming urug‘i ovuliga joylashtirilgan. Oltin Beshik voyaga yetganda xalq unga har bir urug‘dan (qirq, qipchoq, qirg‘iz va ming) bittadan qizga uylanishga imkon beradi. Ming urug‘idan bo‘lgan katta xotin unga yolg‘iz o‘g‘il tug‘ib beradi. Unga Tangriyor deb nom qo‘yadilar, boshqacha qilib Xudoyor yoki eloq Sulton deb atay boshlaydilar. Bobur asarlarida Oltin Beshik haqida hech narsa demagan, zamondoshlari ham uni tilga olmaydilar. Shu bois bu rivoyatni Qo‘qon xonlari o‘z shajaralarini Bobur bilan bog‘lash va o‘z hokimiyatlarini barqaror etish maqsadida to‘qishgan, deb hisoblash mumkin.
Rivoyatlarga ko‘ra, Oltin Beshik 1545 y. vafot etgan. Uning o‘g‘li Tangriyor keyinchalik Farg‘onaning hukmdori bo‘ladi, lekin xon emas, balki biy deb ataladi. Bu nom uning avlodlaridan to Olimxongacha berilgan. Qo‘qon xonligining so‘nggi hukmfarmosi Sayid Muhammad Xudoyorxon Sheralixon o‘g‘lining nasabi sulton Bobur va xotini Sayidofoq begimdan tug‘ilgan Oltin Beshikxondan boshlanganligi aytiladi. Bu nasab Sulton Boburning ota-bobolari orqali buyuk Sohibqiron Amir Temur Ko‘ragonga borib ulanadi. O‘tmishdagi ko‘pgina muarrixlarning kitoblarida bu xususda anchagina ma’lumotlar mavjud. Masalan, Niyozmuhammad ibn Avazmuhammadning «Tarixi Shohruxiya», Mirzo Olim Mushrifning «Ansobu-s-salotin va tavorixu-l-xavoqin» («Sultonlarning nasablari va xoqonlarning tarixi»), Muhammad Solih Toshkandiyning «Tarixi jadidai Toshkand» («Toshkentning yangi tarixi»), Fozilbek Otabek o‘g‘lining «Mukammali tarixi Farg‘ona», Muhammad Aminbek Xudoyorxon o‘g‘lining «Farg‘ona muzofoti xonlari xususidagi voqeotlar», rus tarixchisi Vladimir Nalivkinning «Kratkaya istoriya Kokandskogo xanstva» («Qo‘qon xonligining qisqacha tarixi») asarlari shu jumlaga kiradi.
Yuqorida nomlari zikr etilgan muarrixlardan ancha ilgari yashab o‘tgan ba’zi nufuzli mualliflar ham bu fikrni ta’kidlaganlar. Masalan, Amir Umarxon o‘z devoni debochasida: «Bu oshufta tasvidot roqimi va bu parishon abyot nozimi andoq bayoni hol va sharhi mofilbol qilurkim, vujudim gulbuni Temur Ko‘ragon gulistonini shajarasini samarasidur, asolat bo‘stonida izzat bahorining obu havosi tarbiyati birla bosh chekib, nash’u namo paydo qildi va xilqatim niholikim, Bobur Sulton chamanining navbodasidir» deya bu haqiqatni tarix uchun naqshlab qoldirgan bo‘lsa, Xonning tog‘asi Rahmonquli otaliqning qizi va zavjai muhtaramasi Nodirabegim ham o‘z g‘azallarida bu fikrni takrorlaganini ko‘ramiz. Chunonchi bir g‘azalida u:
Sayodat xonadoni shoh Bobur nasli pokiman,
Xudoyo, rahmat ayla jumla avlodi izomimni,– baytini bitib, o‘z ustozi fikrlarini davom ettirganligi ma’lum.
Ayni vaqtda bu fikrlarni rad etib, «Oltin beshik» voqeasini rivoyat deb hisoblovchi tadqiqotchilar ham oz emas. «Oltin beshik»ni rivoyat emas, balki haqiqat, deb biluvchilar ham bor. Xullas, biz so‘z yuritgan Mirzo Bobur hayoti ham shunday afsonalarga boy bo‘lib, qadimiy bitiklarimizda aytilganidek: “Bul hikoyat agarchi afsona tusida ersa-da, ul haqiqatdan yiroq emasdur”.
Hikmatull Do‘stmatov,
Farg‘ona davlat universiteti dotsenti,
filologiya fanlari doktori.
O‘zA