San’atimizning fidoyi darg‘asi
Kamtarlik, mehnatsevarlikda, Vatanga, xalqqa, san’atga, o‘z hayotiy qarashlariga sodiqlikda ustoz ijodkor, O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshev har birimizga namuna bo‘ladigan inson edi. Poytaxtimizdagi “Turkiston” san’at saroyida O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshev tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali adabiy-ma’rifiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Saroy foyesida ustoz san’atkor hayoti, faoliyati, serqirra ijodidan so‘zlovchi ko‘rgazma tashkil etildi.
Tantanali tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov ustoz ijodkor Bahodir Yo‘ldoshevning faoliyati, ijodi, insoniy fazilatlari xususida batafsil to‘xtaldi.
E’tirof etilganidek, Bahodir Yo‘ldoshev ma’naviy mezonlari g‘oyatda yuqori bo‘lgan, kamchiliklar, illatlarga nihoyatda murosasiz, Vatanni, xalqini sevadigan, milliy san’atimiz ravnaqini umr mazmuniga aylantirgan ijodkor edi.
Ayni paytda u zamon va makon qonuniyatlarini, inson psixologiyasini teran anglagan san’atkor edi. Uning bevosita rejissyorligidagi spektakllar milliy teatr san’atimizning bebaho xazinasiga aylangan. Ayni paytda Bahodir aka ko‘plab badiiy filmlarda rol ijro etgan. Vatanimizning Mustaqillik, Navro‘z bayramlari, Xalqaro maqom va baxshichilik san’ati festivallarining musiqiy dasturini tayyorlashda alohida fidoyilik va jonbozlik ko‘rsatgan ijodkor edi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Bahodir Yo‘ldoshev ijodiga, uning shaxsiyatiga doimo katta ehtirom, alohida mehr va g‘amxo‘rlik, hurmat bilan e’tibor qaratadi. Prezidentimiz shu yil avgust oyida qabul qilgan farmoni asosida “Diydor” teatr-studiyasi badiiy rahbari Bahodir Yo‘ldoshev “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston xalq artistlari Yodgor Sa’diyev, Afzal Rafiqov, Elyor Nosirov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artistlar Farhod Abdullayev, Munojat Teshaboyeva, O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov Bahodir Yo‘ldoshevning insoniy fazilatlari, ishga, ijodga sadoqat bilan yondashuvi haqida batafsil gapirdi.
O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim mohir rejissyor haqida “Sahna aylanadi, Bahodir” nomli she’rini o‘qib berdi.
Ustoz san’atkor haqida hikoya qiluvchi hujjatli film g‘oyat ta’sirchan va samimiy ruhi bilan tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
- O‘sha davrda “Kelinlar qo‘zg‘oloni” spektaklining sahnalashtirilishi chin ijodiy qo‘zg‘olon edi, - dedi O‘zbek Milliy akademik drama teatri direktori, O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev. – Buni Bahodir Yo‘ldoshevning o‘sha davrning kamchiliklariga, illatlariga nisbatan qo‘zg‘oloni edi, deyish mumkin.
– Bahodir mening do‘stim edi,- dedi O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim. – Yaxshi-yomon kunlarni birga o‘tkazganmiz. U she’rga o‘xshardi. She’r kabi doim tovlanib turardi.
Tantanali tadbirda spektakllardan namunalar, badiiy filmlardan lavhalar namoyish etildi.
Dilbar kuy-qo‘shiqlar, jozibali raqslar kechaga yanada fayz bag‘ishladi. San’atkorning farzandi, “Diydor” yoshlar-eksperimental teatr-studiyasi badiiy rahbari, taniqli rejissyor va aktyor Bobur Yo‘ldoshev ota - onasi – Bahodir Yo‘ldoshev hamda Rimma Ahmedova xotirasiga ko‘rsatilayotgan cheksiz ehtirom uchun minnatdorlik bildirdi.
Adabiy-ma’rifiy kecha juda fayzli va samimiy ruhda o‘tdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri