San’at birlashtirgan ikki xalq yoshlari
Respublika ixtisoslashtirilgan dizayn maktabida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Okean bo‘ylab dialog: AQSH va O‘zbekiston yoshlari Ipak yo‘lida” nomli xalqaro ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur madaniy loyiha O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari yoshlarini san’at va ijod orqali birlashtirish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlash hamda Buyuk Ipak yo‘lining boy tarixiy merosini yangi avlod nigohida qayta talqin etish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda “My Way” tashkiloti rahbari Alyona Badalova, “World Network NY” kompaniyasi ta’sischisi Mukarramxon Igamberdiyeva, Vatandoshlar jamiyati faollari, “Sani travel” kompaniyasining vakillari, ijodkorlar, o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdilar.
Ko‘rgazma madaniy diplomatiyaning samarali vositasi sifatida ikki mamlakat yoshlari o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Loyihaning muhim jihatlaridan biri — “Amerikalik bolalar ko‘zi bilan O‘zbekiston” mavzusidagi ko‘rgazmadir. Unda amerikalik bolalar va o‘smirlar O‘zbekistonning qadimiy tarixi, Buyuk Ipak yo‘li merosi, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlarning betakror me’moriy obidalari hamda xalqimizning madaniy boyliklarini o‘z tasavvurlari va ijodiy yondashuvlari orqali aks ettirganlar.
“Okean bo‘ylab dialog” ko‘rgazmasi nafaqat O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan muhim madaniy tadbir, balki yoshlar diplomatiyasi, xalqaro hamkorlik va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan ahamiyatli tashabbus sifatida ham katta ahamiyat kasb etadi. Bunday loyihalar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlab, kelajak avlodlar uchun mustahkam hamkorlik poydevorini yaratishga xizmat qiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Po9Kletb66Y" title="San’at birlashtirgan ikki xalq yoshlari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Munira Ramazonova, Doniyor Yakubov, Asalim Obidjonov, O‘zA