San’atga orzumand yoshlar
Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 23-bolalar musiqa va san’at maktabida 230 ga yaqin o‘g‘il-qiz o‘zbek xalq cholg‘ulari, estrada xonandaligi, skripka, xoreografiya, tasviriy san’at yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy sharoitlarda ta’lim-tarbiya olmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida o‘sib kelayotgan yosh avlodning iste’dodini har tomonlama kamol toptirish va madaniy saviyasini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.Davlatimiz rahbarining 2008-yil 8-iyuldagi “Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009-2014-yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 23-bolalar musiqa va san’at maktabida 230 ga yaqin o‘g‘il-qiz o‘zbek xalq cholg‘ulari, estrada xonandaligi, skripka, xoreografiya, tasviriy san’at yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy sharoitlarda ta’lim-tarbiya olmoqda.
Maktab mustahkam moddiy-texnik va o‘quv bazasiga ega. Bu yerda o‘g‘il-qizlarga malakali murabbiylar san’at sirlarini o‘rgatmoqda.
– Mamlakatimizda musiqa va san’at rivojiga qaratilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik yangi-yangi iste’dodlarni kashf etishda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi maktab direktori Zulxumor Abayeva. – Ilgarilari bunday shart-sharoitlar yo‘q edi. Endilikda farzandlarimiz san’atning turli yo‘nalishi bo‘yicha olis hududlarga qatnab emas, balki o‘zi istiqomat qilayotgan hududda mukammal ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Musiqa maktabida mashg‘ulotlar tizimli va samarali tashkil etilgan. Bu yerga 6-7 yoshdan sinov asosida qabul qilingan bola musiqiy ta’limni besh yil davomida o‘rganadi.
– San’at sirlarini maromida o‘rganish uchun iste’doddan tashqari qulay sharoit zarur, – deydi doirachilik yo‘nalishi murabbiyi Abdushukur Azimov. – Maktabimizda o‘quvchilarning o‘z salohiyati va iste’dodini namoyish etishi uchun barcha imkoniyatlar muhayyo etilgani faoliyatimiz samaradorligini oshirmoqda.
Maktabning o‘zbek xalq cholg‘ulari bo‘limida mahorat va tajriba oshirgan Hojiakbar Qudratillayev, Aziz Mo‘minov, Bobur Tursunov kabi ko‘plab o‘quvchilar turli tanlov va festivallarda muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda. Jumladan, H.Qudratillayev joriy yilning fevral oyida o‘tkazilgan «San’at g‘unchalari» respublika tanlovining Toshkent shahar bosqichida doirachilik bo‘yicha birinchi o‘rinni egallab, keyingi yilda bo‘ladigan xalqaro tanlovga yo‘llanma oldi. Mazkur tanlovning dutor yo‘nalishi bo‘yicha A.Mo‘minov ikkinchi, rubob yo‘nalishida B.Tursunov uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
– Doirachilik san’atini o‘rganayotganimga uch yil bo‘ldi, – deydi Hojiakbar Qudratillayev. – Orzuim ushbu san’atni puxta o‘zlashtirib, keyingi yilda bo‘lib o‘tadigan xalqaro tanlovda g‘olib bo‘lish.
Bugun mamlakatimizda Hojiakbar singari san’atga havasi ortib, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi sari intilayotgan o‘g‘il-qizlar safi kengayib bormoqda.