Samvel Babayan haqidagi xabar rad etildi
Bunday xabarlarning urchishiga sabab, soʻnggi vaqtlarda temiryoʻlchilarning na ichki, na xalqaro maydonda ishlari yurishyapti.
Bugun turli ijtimoiy tarmoqlar orqali taniqli mutaxassis, oʻz vaqtida “Paxtakor” va Oʻzbekiston milliy terma jamoalarini boshqargan Samvel Babayan Toshkentning “Lokomotiv” klubiga bosh murabbiy etib tayinlanishi haqida xabarlar tarqaldi.
Bunday xabarlarning urchishiga sabab, soʻnggi vaqtlarda temiryoʻlchilarning na ichki, na xalqaro maydonda ishlari yurishyapti. Bu esa tabiiyki jamoa muxlislari va klub rahbariyatini qoniqtirmayotgani bor gap.
Biroq, “Lokomotiv” klubi rasmiylarining OʻzA muxbiriga maʼlum qilishicha, Andrey Fyodorov isteʼfoga chiqarilmagan. Har holda temiryoʻlchilarni Oʻzbekiston superligasi 10-tur uchrashuvlari doirasidagi “Nasaf”ga qarshi safar oʻyiniga aynan Fyodorov boshqarib boradi. Mazkur oʻyinda qayd etilajak natija koʻp jihatdan Fyodorovning kelgusi taqdiriga oydinlik kiritib beradi.
Shunday ekan, Samvel Babayan bugun boʻlmasa keyinroq “Lokomotiv” bosh murabbiyiga aylanib qolishi ham ehtimoldan xoli emas.
Eslatib oʻtamiz, Andrey Fyodorov 2018 yilning aprel oyida Andrey Miklyayev oʻrniga “Lokomotiv” bosh murabbiyi etib tayinlangan edi.