Samarqandlik yoshlarning takliflari ma’qullandi
Davlatimiz rahbarining ilk bor o‘tkazilgan O‘zbekiston yoshlari forumidagi nutqini samarqandlik yoshlar ham katta qiziqish bilan tingladi.
Viloyat yoshlari vakillari forumda bevosita poytaxtda – Humo arenada ishtirok etgan bo‘lsa, aksariyat ko‘pchiligi, viloyat, tuman, shahar studiyalaridan qatnashdi. E’tiborlisi, ular tadbir davomida Prezidentimiz bilan muloqot qilish, o‘z taklif va tashabbuslarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
– Hozirgi kunda qaysi bir rivojlangan mamlakatga qaramaylik, student society, ya’ni talabalar jamiyati faoliyat yuritadi, – deydi Samarqand davlat chet tillar instituti talabasi Marjona Samadova. – Men forumda muhtaram Prezidentimizga mamlakatimizda talabalarni o‘zaro birlashtiradigan, bir oliy o‘quv yurti bilan ikkinchi oliy o‘quv yurti o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yadigan, talabalarning chet el oliy ta’lim dargohlarida malakasini oshiradigan, yurtimizdagi 125 universitet va institutlarni birlashtiradigan talabalar assotsiatsiyasini tashkil etish bo‘yicha taklifimni bildirdim. Bu taklif Prezidentimiz tomonidan ma’qullandi. Viloyat hokimligi hamda Samarqand davlat universitetiga mazkur oliygohda talabalar assotsiatsiyasini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi.
“Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti talabalasi Shohnigor Jo‘rayeva bugungi kunda oliy o‘quv yurtlarining aksariyat bitiruvchilarini qiynayotgan muammoga yechim topishda davlatimiz rahbaridan yordam so‘radi.
– Bugun aksariyat talabalarimiz faqat diplom uchun tahsil olmoqda, - deydi Sh.Jo‘rayeva. – Afsuski, o‘qib bilim olish, o‘z sohasini mukammal egallash ikkinchi masala bo‘lib qolyapti. Taklifim: ish beruvchi tashkilot bitiruvchilarni diplomiga qarab emas, malakasiga, bilimiga qarab ishga olsa. Shunda ta’lim olishga mas’uliyat oshadi, bilimli kadrlar ko‘payadi.
Bu taklif ham Yurtboshimiz tomonidan ma’qullandi. Bugun ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar samarasini berishi uchun vaqt kerakligi, albatta ish beruvchi yoshlarning bilim va salohiyatiga qarab qabul qilinishini aytib o‘tdi.

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA