Samarqandlik tibbiyotchilar sharaflandi
Samarqandda tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov soha xodimlarini va faxriylarini tabrikladi.
- Sizlarning odamlar salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan zahmatli faoliyatingiz haqida har qancha gapirsak, e’tirof etsak oz,-- dedi E. Turdimov.-- Hech bir inson yo‘qki, hayoti davomida sizlarning ko‘magingizga ehtiyoj sezmagan bo‘lsa. Avvalo, odamlarga mehringiz, kasbga sadoqatingiz bilan shifokor degan ulug‘ nomga munosib bo‘lib xalqimizga xizmat qilib kelyapsiz.
[gallery-20284]
Tadbirda bayram arafasida Prezident farmoniga muvofiq yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan to‘rt nafar samarqandlik tibbiyot xodimiga orden va medallar tantanali topshirildi.
-- Ellik yildan ortiq vaqtdan buyon shu soha ichida yurgan inson sifatida aytishim mumkinki, keyingi yetti yilda mamlakatimiz tibbiyotida bir necha o‘n yilliklarga teng islohotlar amalga oshirildi,--deydi Samarqand davlat tibbiyot universitetining bolalar xirurgiyasi kafedrasi professori, «Do‘stlik» ordeni sohibi Azamat Shamsiyev.-- Nafaqat xalqimiz, balki tibbiyot xodimlari ham orzu qilgan imkoniyat, sharoitlar yaratildi. Ilgari bizning yurtdoshlarimiz davolanish uchun xorijga borardi, bugun chet elliklar kelib bizning tibbiy xizmatdan foydalanmoqda. Bu islohotlar natijasidir.
Shuningdek, tadbirda bir guruh soha vakillariga “Sog‘liqni saqlash a’lochisi”, “Xalq salomatligi posboni” ko‘krak nishoni va sog‘liqni saqlash vazirligi hamda viloyat hokimligining tashakkurnoma va faxriy yorliqlari, esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari