Samarqandlik o‘quvchilar ham yangi o‘quv yilini boshlashdi
Bugun yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalarida bo‘lgani kabi Samarqand shahridagi umumta’lim maktablarida birinchi qo‘ng‘iroq sadolari ostida yangi o‘quv yili boshlandi.
Jumladan, Samarqand shahridagi 58-umumta’lim maktabida ham “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori ostida o‘tkazilgan “Bilimlar kuni” tadbiri o‘quvchi yoshlar, ularning ota-onalarida katta taassurot qoldirdi.
- Maktabimizda ayni paytda 882 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda, - deydi maktab direktori Barno Boyqobilova. – Joriy o‘quv yilida 72 nafar jajji o‘quvchilar ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘ydi. Ularga o‘quv anjomlaridan iborat “Prezident sovg‘alari” tantanali topshirildi. Yangi o‘quv yilini an’anaviy shaklda boshlaganimizdan o‘quvchilarimiz ham xursand. Mana shunday ko‘tarinki ruhda boshlangan o‘quv yilimizda o‘quvchilarimiz a’lo baholarga o‘qib, yuksak natijalarga erishadi, deb ishonamiz.
[gallery-3779]
“Bilimlar kuni” maktab o‘quvchilari tomonidan Besh tashabbus asosida tayyorlangan bayram dasturi bilan davom etdi. Ona Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlardan tuzilgan dastur yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Maktab hovlisida jarang sochgan birinchi qo‘ng‘iroq sadolari ostida o‘quvchilar yangi o‘quv yilini boshlashdi.
Alisher ISROILOV (surat),O‘zA