Samarqandda yo‘l transport hodisalari ko‘paydi
Bunday holatlarni kamaytirish, “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturi ijrosini sifatli ta’minlash uchun nima qilish kerak?
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida viloyat ichki ishlar idoralari mas’ulari va deputatlar shu kabi savollarga javob izladilar.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Zokir Qayumovning ma’lum qilishicha, viloyatda 2025 yilning 4 oyida umumiy sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 34 taga (235/269), o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari 6 taga (77/83), tan jarohati bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari 69 taga (173/242) oshgan.
– O‘lim bilan bog‘liq hodisalar Urgut tumanida 11 ta, Jomboy, Oqdaryo va Toyloq tumanlarida 8 tadan, Pastdarg‘omda 6 ta qayd etildi – dedi Z.Qayumov. – Yo‘l-transport hodisalarining 135 tasi piyodalarni urib yuborish bilan bog‘liq bo‘lgani g‘oyat tashvishlanarlidir. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarining 82 tasi xalqaro, 47 tasi davlat, 99 tasi mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarida yuzaga kelgan. Haydovchilar tomonidan belgilangan tezlikni oshirish, yo‘lning toifasi harakat jadalligiga mos emasligi va yoritish moslamalari tungi vaqtda ishlamasligi, piyodalar uchun yo‘laklar yo‘qligi yo‘l-transport hodisalari kelib chiqishiga asosiy sabablardan bo‘lgan.

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarining kelib chiqishiga ta’sir ko‘rsatgan omillarni bartaraf etish bo‘yicha Samarqand viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasiga joriy yilning 4 oyi davomida 44 ta taqdimnoma kiritilgan.
Yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida yil boshidan buyon viloyat bo‘yicha 1159 ta yangi yo‘l belgilari o‘rnatilgan va yaroqsizlari yangisiga almashtirilgan, 9 ta yangi svetofor ob’ektlarni qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish ishlari bajarilgan.
Muhokama jarayonida yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlashda ichki ishlar idoralari bilan birga jamoatchilik ham faol ishtirok etishi, haydovchi va piyodalarning yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishi, mahalliy hokimlik va mutasaddi idoralar tomonidan yo‘l inftratuzilmasini yaxshilash choralari ko‘rilishi lozimligi ta’kidlandi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri