Samarqandda xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi
Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada Sharja, Isroil, Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Tojikiston va O‘zbekistonning barcha oliy tibbiyot o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari ishtirok etishdi.
Anjumanda buyuk shifokor, pedagog olim, akademik I.Zokirovning hayot yo‘li, ilmiy merosi, akusherlik-ginekologiya bo‘yicha yaratgan ilmiy maktabi, ayollar va bolalar sog‘lig‘ini asrash bo‘yicha erishilgan yutuqlar, zamonaviy akusherlik va ginekologiyaning dolzarb masalalari muhokama etildi.
Konferensiyada O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova, O‘zbekiston va Rossiya fanlar akademiyasining akademigi Shavkat Karimov, Turkiyaning Sog‘liq bilimlari universiteti, Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti, Ukrainaning Ternopol milliy tibbiyot universiteti, Qozoq milliy tibbiyot universiteti, Tojikiston davlat tibbiyot universiteti va SamDTI rektorlari, bir qator jahon ilmiy muassasalari va xususiy klinikalar rahbarlari so‘zga chiqdilar.

Yalpi majlisda akademik I.Zokirovning sharafli hayot yo‘li, serqirra faoliyati, respublikamizda onalik va bolalikni himoya qilish bo‘yicha amalga oshirgan ishlari, ilmiy maktabi (80 dan ortiq fan nomzodlari va doktorlariga rahbarlik qilgan), zamonaviy akusherlik va ginekologiyaning bir qator dolzarb masalalari haqida ma’ruzalar eshitildi.
Konferensiya «Onalar va bolalar sog‘lig‘ini saqlash – zamonaviy tibbiyotning ustuvor yo‘nalishi», «Ginekologik amaliyotning dolzarb masalalari», «Perinatal tibbiyotning dolzarb masalalari», «Akusherlik va ginekologiyada shoshilinch holatlar» kabi shu’balarda davom ettirilib, ularda 80 dan ortiq dolzarb ma’ruzalar qilindi.
Xalqaro konferensiyada anjuman ilmiy ishlarini o‘zida mujassam etgan SamDTIda nashr qilinadigan «Biologiya va tibbiyot muammolari» xalqaro jurnalining navbatdagi soni va akademik I.Z.Zokirovning «Tanlangan ilmiy asarlari» kitobining taqdimoti ham o‘tkazildi.
O‘zA