Samarqandda Turkiya Respublikasining Bosh konsulxonasi ochiladi
Viloyat hokimi E.Turdimov Turkiya Respublikasining Samarqandda tashkil etilayotgan Bosh konsulxonasi rahbari Salih Janerni qabul qildi.
Viloyat hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi aloqalar ikki davlat rahbarlari qat’iyati va o‘zaro ishonch, do‘stlikka asoslangan munosabatlari tufayli jadal rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Salih Janer O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga oid hukumat qarori asosida joriy yilning 8 mart kuni Samarqand shahrida Turkiya Respublikasining Bosh konsulxonasi ish boshlashini ma’lum qildi. Bosh konsulxona fuqarolarga xizmat ko‘rsatish bilan birga savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratishi ta’kidlandi.
Uchrashuvda ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish yuzasidan fikrlashib olindi.
G‘.HASANOV, O‘zA