Samarqandda test sinovlari 11 kun davom etadi
2020/2021 oʻquv yili uchun Samarqanddagi toʻqqiz oliy oʻquv yurtida oʻqishga kirish uchun 139 ming 874 nafar abituriyent roʻyxatdan oʻtgan.
2020/2021 oʻquv yili uchun Samarqanddagi toʻqqiz oliy oʻquv yurtida oʻqishga kirish uchun 139 ming 874 nafar abituriyent roʻyxatdan oʻtgan. Bu oʻtgan yilga nisbatan 26 foizga koʻp. Yaʼni, bir oʻringa 10,86 kishi toʻgʻri kelmoqda.
Samarqandda test sinovlari toʻrt huddudagi 7 ta katta sigʻimli ochiq maydonda oʻtkaziladi. Bular – sportning eshkak eshish turlari boʻyicha respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar olimpiya zaxiralari maktabining 4 ta ochiq maydoni, “Lokomotiv” futbol stadioni, Sartepadagi 2-bolalar va oʻsmirlar sport maktabi stadioni hamda Kimyogarlar qoʻrgʻonidagi “Nurafshon” futbol oʻyingohlaridir.
– Epidemiologik talablarga muvofiq sinovlar ikki navbatda oʻtkaziladi, – deydi Davlat test markazi Samarqand viloyati boʻlimi boshligʻi vazifasini bajaruvchi V.Sirliboyev. – Yaʼni bir navbatda 6120 nafar, kun davomida 12 ming 240 nafar abituriyent test sinovlarini topshiradi. Bu viloyatda 11 kun ichida imtihonlarni oʻtkazish imkonini beradi. Test sinovlari oldingi yillardagi kabi shaffoflik va xolislik taʼminlangan holda tashkil qilinadi. Abituriyentlarni maydonlarga kiritish va shaxsini aniqlashda shaxsni identifikatsiyalash vositalari (videofiksatsiya, barmoq izi skaneri)dan foydalaniladi. Jarayonlar videokuzatuv ostida onlayn efirga uzatilgan holda oʻtkaziladi.
Test sinovlari oʻtkaziladigan maskanlar yaqinida ota-onalar uchun ham joylar hozirlanadi, lekin tashkilotchilar aholiga test sinovlarini mahalliy telekanallar va test2020.uz sayti orqali onlayn kuzatib borishni tavsiya etmoqda.
Davlat test markazi viloyat boʻlimi, abituriyentlardan test oʻtkaziladigan joylarga ruxsatnomada koʻrsatilgan sana va vaqtda sinovlar boshlanishidan kamida 1- 1,5 soat oldin pasport hamda ruxsatnoma bilan kelishni eslatmoqda.