Samarqandda “Salomatlik sayli” boshlandi
7 aprel — Xalqaro salomatlik kuni munosabati bilan respublikamiz bo‘ylab Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan “Salomatlik sayllari” oyligi doirasida ilk tadbir Samarqand shahrida o‘tkazildi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj, surunkali kasalligi bor bemorlarni hududlarning o‘zida yuqori texnologik muolajalarni o‘tkazish orqali sog‘lomlashtirish, aholi orasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillariga rioya qilish, to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini shakllantirish, kasalliklar profilaktikasini tashkil etish, reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish bo‘yicha ommaviy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish va individual maslahatlar berishni tashkillashtirish maqsadida o‘tkazilgan aksiya Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi 2-oilaviy poliklinikada tashkil etildi.
– “Salomatlik sayli”da yigirmadan ortiq mutaxassislik bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlarning malakali shifokorlari, shuningdek, viloyat tibbiy muassasalarining yetuk mutaxassislari aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda, – deydi Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ahmadjon Bobojonov. – Tadbir doirasida shahrimizdagi mavjud oilaviy poliklinikalarda ro‘yxatda turgan bemorlar, yoshi ulug‘ keksalar alohida e’tibor bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Shuningdek, yosh bolali onalar, ularning farzandlari chuqurlashtirilgan ko‘riklarga jalb qilingan. Umuman olganda salomatlik saylida shahrimiz bo‘yicha 2 ming nafarga yaqin aholi tibbiy ko‘rikka jalb qilindi. Aksiya doirasida ko‘chma xastalik aniqlangan bemorlarga shifokorlarning ko‘rsatmalari bilan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro jamoat fondi tomonidan ko‘zoynaklar, 12 turdagi dori-darmon vositalari bepul tarqatildi.
– Bugun malakali shifokorlar kelib tibbiy ko‘rik o‘tkazishi haqida oilaviy hamshiramiz xabar bergan edi, – deydi Samarqand shahridagi Qo‘shbaqqolli mahallasida yashovchi Sadorat Rofiyeva. – Yoshim o‘tgan sari ko‘zlari xiralashib, ko‘rishda qiyinchiliklar tug‘ilyapti. Shifokorlar zarur muolajalarni belgilab, ko‘zoynak taqishimni aytishdi. Shu yerning o‘zida bepul ko‘zoynak, dori-darmonlar berishdi. Bizni salomatligimizni o‘ylab, ushbu tadbirni tashkil etganlarga rahmat.
[gallery-11198]
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu aksiya viloyatning barcha tuman va shaharlarida tashkil etilishi belgilangan bo‘lib, rejaga muvofiq 24 aprelga qadar davom etadi. “Salomatlik sayllari” doirasida faqatgina tibbiy ko‘riklar emas, ommaviy sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari o‘tkazilishi belgilangan.
G‘. Hasanov,
A. Isroilov (surat), O‘zA