Samarqandda o‘tadigan “FIDE Grand Swiss-2025” qatnashchilari ro‘yxati e’lon qilindi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi joriy yilning 3-16 sentyabr kunlari qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrida dunyoning eng kuchli shaxmatchilari ishtirokida o‘tadigan “FIDE Grand Swiss-2025” turniri qatnashchilari ro‘yxatini e’lon qildi.
Aytish lozim, “FIDE Grand Swiss” turniri 2026 yilgi jahon chempionatiga nomzodlarni saralash musobaqasi hisoblanadi.
11 ta turdan iborat turnirda 172 nafar mahoratli shaxmatchi ishtirok etadi. Musobaqa nizomiga ko‘ra, erkaklar va xotin-qizlar o‘rtasidagi musobaqalarda eng yaxshi ikki o‘rinni egallagan shaxmatchi 2026 yilgi nomzodlar turnirida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi va jahon chempioni unvoniga da’vogarlik qiladi.
“FIDE Grand Swiss-2025”ning mukofot jamg‘armasi 625 ming AQSH dollaridan iborat bo‘lib, bu, 2023 yili Men orollarida tashkil etilgan “FIDE Grand Swiss” turniridagidan 145 ming AQSH dollariga ko‘p. Ikki yil muqaddam o‘tgan mazkur musobaqaning sovrin jamg‘armasi 460 ming AQSH dollarini tashkil etgandi.
E’lon qilingan FIDE ro‘yxatidan erkaklar musobaqasida qatnashadigan 116 nafar shaxmatchining 101 nafari reyting orqali, qolgan o‘rinlar qit’a vakillari, 6 nafari “FIDE wild card” sohibi sifatida qayd etilgan.
Mamlakatimizning mahoratli shaxmatchilari Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev va Shamsiddin Vohidov reyting tizimi orqali ro‘yxatdan o‘rin olgan bo‘lsa, mezbon mamlakat sifatida O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi yana 5 nafar ishtirokchini ro‘yxatga kiritish imkoniyatiga ega.
Ayollar guruhida 56 nafar xotin-qiz shaxmatchilar dona surishi belgilangan bo‘lib, 44 nafari reyting orqali, 4 nafari qit’aviy taqsimot orqali, 4 nafari “FIDE wild card” hamda yana 4 nafari O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan kiritilishi ko‘zda tutilgan.
Shaxmatchi qizlarimizdan Gulruhbegim Tohirjonova FIDE reytingidagi o‘rni orqali ishtirokchilar qatoridan joy egallagan bo‘lsa, turnirda qatnashadigan yana 4 nafar shaxmatchi qizlarimiz nomini O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi taqdim etishi lozim bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, jahon chempionatiga saralash vazifasini o‘taydigan “FIDE Grand Swiss”ning birinchi turniri 2019 yili Men orollari markazi Duglas shahrida tashkil etilgandi. Ikkinchi turnir 2021 yili Latviyaning Riga shahrida va uchinchi turnir 2023 yili Men orollarida bo‘lib o‘tgandi.
Bundan ikki yil muqaddam o‘tgan turnirning erkaklar musobaqasida hindistonlik Vidit Gudjrati, ayollar bahsida hindistonlik Vayshali Rameshbabu yetakchilikni qo‘lga kiritgandi. Mazkur turnirda 114 nafar ishtirokchi orasida o‘zbekistonlik shaxmatchilardan 7 ochko jamg‘argan Javohir Sindorov 8-o‘rinni, Nodirbek Abdusattorov 12 va 6,5 ochkoli Nodirbek Yoqubboyev qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga 14-o‘rinlarni egallagandi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA