Samarqandda og‘ir hududlar muammolari yechilmoqda
Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan Samarqand viloyatida ham “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla”, “Obod xonadon” mezonlarini joriy qilish, hududlar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamdagi amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Dasturga viloyatning og‘ir hududlaridan hisoblangan Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Chuyanchi, Ishtixon tumanidagi Chag‘atoy, Pastdarg‘om tumanidagi Oltiqahramon hamda Oqdaryo tumanidagi Yangiqo‘rg‘on mahallalari kiritilgan.
Ushbu hududlar aholisini o‘ylantirib kelayotgan muammolarga o‘z vaqtida va sifatli yechim topish maqsadida Respublika ishchi guruhi vakillari uyma-uy yurib o‘rganishlar olib bordi.

Aniqlangan muammolarni bartaraf etish maqsadida qator ijobiy ishlar qilindi. Jumladan, mahallalardagi ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash borasida 13 kilometrdan ziyod ichki yo‘llar asfaltlandi. Eski yog‘och elektr ustunlar yangi temir - beton ustunlarga almashtirildi, 2 kilometrga yaqin yangi elektr sim tarmoqlari tortildi, 2 dona yangi transformator punkti o‘rnatildi.
Tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida 2 kilometrga yaqin gaz quvurlari joriy va kapital ta’mirlandi. Fuqarolar murojaati asosida hududlarga 600 dan ziyod qo‘shimcha suyultirilgan gaz balonlari almashtirib berildi. Hududlardagi barcha qabristonlarda obodonlashtirish ishlari, mavjud daraxtlarga shakl berilib, devorlarni oqlash ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, qish mavsumi oldidan 2 mingdan ziyod xonadonda texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilinishi, isitish pechkalari (ko‘mir, o‘tin va suyultirilgan gazga moslashtirilgan pech va plitalar)ni mavsumga tayyorgarlik holati to‘liq o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.

Aholi salomatligini himoya qilish maqsadida 3 ming nafarga yaqin fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Natijada viloyat va tuman sog‘liqni saqlash muassasalarida davolanishga ehtiyoji bor 213 nafar fuqaroga davolanish uchun bepul yo‘llanma berildi. 30 dan ziyod ehtiyojmand oilaga nogironlik aravachalari topshirildi.
O‘rganishlar davomida aniqlangan yuzga yaqin ishsiz fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi. Kam ta’minlangan fuqarolarga xonadon ta’miri uchun qurilish materiallari bepul yetkazib berildi. Boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarning xonadonlari ta’mirlanmoqda.
Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.
O‘zA