Samarqandda keksalar marafoni oʻtkazildi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 27-sentyabrdagi qaroriga koʻra, 2019-yildan boshlab har yili oktyabr oyining birinchi haftasi “Keksalar haftaligi” etib belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 27-sentyabrdagi qaroriga koʻra, 2019-yildan boshlab har yili oktyabr oyining birinchi haftasi “Keksalar haftaligi” etib belgilandi.
Ayni kunlarda mazkur haftalik munosabati bilan Samarqand viloyatida ham keksa avlod vakillarini ijtimoiy himoya qilish, ularga eʼtibor va gʻamxoʻrlikni yanada kuchaytirish, turmush sharoitlarini yaxshilash va boy hayotiy tajribalaridan foydalanishga qaratilgan tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Samarqand shahrida nuroniylar ishtirokida tashkil etilgan marafon ham haftalikning muhim voqealaridan biri boʻldi.
Viloyatning barcha tuman va shaharlaridan kelgan faxriylar Registon maydoni yaqinida toʻplanib, dastlab Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gullar qoʻydi. Shundan soʻng sportsevar faxriylar Islom Karimov koʻchasi boʻylab 5000 qadam yurish marafonida qatnashdi.
– Keyingi yillarda yurtimizda keksa avlod vakillariga koʻrsatilayotgan juda katta eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan bahramand boʻlib, oʻzimizni yoshargandek his qilyapmiz, – deydi Samarqand shahrida yashovchi Hamroqul Rofiyev. – Endi qarang, oktbyar oyining birinchi haftasi ham “Keksalar haftaligi” deb eʼlon qilindi. Bu albatta, nuroniylar umriga umr qoʻshib, hayotiga yanada mazmun bagʻishlaydi. Muhimi, xalqimiz shu kunlarda keksa avlod vakillariga yana ham koʻproq mehr, eʼtibor koʻrsatadi. Bugungi marafon esa nafaqat keksalar, balki yoshlar oʻrtasida ham sport orqali sogʻlom turmush tarzini targʻib etishga xizmat qiladi.
Marafondan soʻng viloyat nuroniylari bir piyola choy ustida suhbat qurdilar.


