Samarqandda aholi murojaatlari qanday hal etilmoqda?
Narpay tumani Samarqand viloyati markazidan 100 kilometr olisda joylashgan.
Narpay tumani Samarqand viloyati markazidan 100 kilometr olisda joylashgan. Tumandagi "Xo‘jakorzon" mahallasi Nayman qishlog‘i aholisi ana shunday uchrashuvlarning birida Xalq qabulxonasi va sektor rahbarlariga ko‘p yillardan buyon hal etilmayotgan toza ichimlik suvi masalasida murojaat qildi.
– Bu bizning bir umrlik orzu-armonimiz edi, – deydi shu qishloqda yashovchi Sayyora Ortiqova. – Shu paytgacha 2-3 kilometr masofadan suv tashib kelib ichardik. Ko‘p joylarga murojaat qilsak-da, masalamiz hal bo‘lmagach, qishlog‘imizga suv kelishidan umidimizni uzgan edik.
Mazkur masala mutasaddilar tomonidan qisqa fursatda o‘rganib chiqilib, qishloqqa Damxo‘ja suv tarmog‘idan 1,7 kilometr ichimlik suvi quvuri tortildi va aholiga toza ichimlik suvi yetkazib berildi.
Urgut tumanining "A’loxotin" mahallasi tuman markazidan atigi 4-5 kilometr masofada, katta yo‘l yoqasida joylashgan. Aholisi ham ancha ko‘p. Bundoq o‘ylab qaralsa, mahallada hech qanday muammo yo‘qdek.
Afsuski, markazga yaqin ana shu qishloqda ham yigirma yildan buyon ichimlik suvi bilan bog‘liq muammo hal etilmayotgan ekan. Muammo ham juda katta emas, bir paytlar qurilgan va keyinchalik foydalanishga yaroqsiz bo‘lib qolgan artezian qudug‘ini ta’mirlash zarurati bor edi. Shu muammo ellikdan ortiq xonadonning yillar davomida toza ichimlik suvini boshqa joydan tashib kelishiga sabab bo‘layotgan edi.
– Sektor rahbarlari va Xalq qabulxonasi tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabulda shu muammoni hal etishda amaliy yordam so‘radim, – deydi shu mahallada yashovchi Ahmad Jo‘raev. – Shu yerning o‘zida mutasaddilarga topshiriq berildi. Natijada mahallamizdagi 35-maktab hovlisida joylashgan suv inshooti ta’mirlanib, 1,3 kilometr masofaga ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. 50 ta xonadonga toza ichimlik suvi yetkazib berildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Urgut tumanida yashayotgan 659 ming aholining 62 foizi ichimlik suvi bilan ta’minlangan. 2019 yilda 21 suv ob’ektida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. 38 kilometr suv tarmoqlari tortildi. Bu ishlarga qariyb 7 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Shu tumanning "Nisbot" mahallasidagi 482 xonadonda 3400 aholi istiqomat qiladi. "Nisbot"liklarni ko‘p yildan buyon ichki yo‘llarning ta’mirtalabligi, qishda loy, yozda chang-to‘zonga aylanishi tashvishlantirardi. Tuman markaziga chiqish uchun ushbu yo‘llardan yurish haydovchilarning ham, yo‘lovchilarning ham haqli e’tiroziga sabab bo‘lib kelayotgan edi. Yillar davomida tegishli idoralarga qilingan bu boradagi murojaatlar esa va’da berishdan nariga o‘tmadi.
Xalq qabulxonasi va ikkinchi sektor rahbarlarining "Nisbot" mahallasida aholi bilan o‘tkazgan muloqoti davomida mahalla raisi Zayniddin Suyunovning aholi nomidan qilgan murojaati ijobiy hal etildi. 583 million so‘m mablag‘ sarflanib, 1,8 kilometr ichki yo‘lga asfalt yotqizildi.
Xususan, yana bir hudud – Narpay tumanining "Sarbozor" mahallasida yashovchi Turg‘un Ismatov ana shunday uchrashuvlarning birida aholining, ayniqsa yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish, ularni kitob mutolaasiga qiziqtirish maqsadida mahalla hududida zamonaviy kutubxona qurib berishlarini so‘radi.
Uning murojaati inobatga olinib, mahallada 1 milliard so‘m mablag‘ evaziga zamonaviy axborot-resurs markazi bunyod etildi. Yangi ziyo maskani 10 mingga yaqin kitob, jumladan, 300 ga yaqin elektron adabiyotlar bilan ta’minlandi, wi-fi tarmog‘i yaratildi.