Samarqandda 97 ming yosh ilk bor saylovda qatnashadi
Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi hamda O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida o‘tkazilayotgan “Yoshlarning siyosiy bilimlari va huquqiy madaniyatini yuksaltirish” aksiyasi respublikamiz bo‘ylab qizg‘in ruhda davom etmoqda.
Aksiyaning Samarqand hamda Qashqadaryo viloyatlaridagi loyihalari ham yosh yigit-qizlarning faolligi ostida o‘tdi.
– Joriy yilda Samarqandda 97 ming nafar yosh ilk bor saylovda qatnashadi, – deydi Yoshlar ittifoqining Samarqand viloyati kengashi raisi Zavqiddin Ergashev. – Saylovchi yoshlarning siyosiy bilimlarini oshirish uchun o‘quv-seminarlar tashkil etilib, 2 ming nafardan ziyod trenerlar shakllantirilmoqda. Shuningdek, aksiya doirasida “O‘z kelajagimni o‘zim belgilayman, Sizchi?” shiori ostida insholar tanlovini ham o‘tkazdik. Unda 44 nafar yosh ijodkor o‘z iqtidorini, ijodiy imkoniyatlarini namoyon qildi.
Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘ida “O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” loyihasining yarim final bosqichi bo‘lib o‘tdi. 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida turli sohalardagi muammolarning yechimiga aylanishi mumkin bo‘lgan, O‘zbekistonni rivojlantirishga oid g‘oyalar va takliflardan iborat keng miqyosli respublika tanlovining yarim final bosqichida Samarqand viloyatidan jami 2 ming 654 nafar yosh ishtirok etish istagini bildirib, ariza topshirgan. Shulardan 105 nafari viloyat saralash bosqichida ishtirok etdi.

Yoshlar aksiyasining Qashqadaryo viloyati bosqichi Qarshi shahridagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida bo‘lib o‘tdi. Aksiya doirasidagi qator loyiha hamda taqdimotlar ishtirokchilarning siyosiy-huquqiy bilimlari, saylov bilan bog‘liq ko‘nikmalarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, aksiya ishtirokchilari Qarshi shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida yosh kursantlar bilan uchrashib, saylov targ‘iboti amalga oshirildi.
Ta’kidlash joizki, respublikamiz bo‘ylab davom etayotgan mazkur yoshlar aksiyasi joylarda yosh saylovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish, ularning saylovga oid bilimlarini boyitishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Qolaversa, oldimizda turgan muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini uyushqoqlik bilan o‘tkazish, bu jarayonda yoshlarning faol ishtirokni ta’minlashda bu kabi targ‘ibot tadbirlari muhim o‘rin tutadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA