Samarqandda 80 o‘rinli bolalar onkogematologiya bo‘limi ochiladi
Bu haqda Samarqand viloyatida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat, sohada joriy etilayotgan yangiliklar haqida ma’lumot berish maqsadida tashkil etilgan press-turda ma’lum qilindi.
Dastlab, jurnalistlar respublika ixtisoslashgan kardiologiya ilmiy- amaliy markazi viloyat filialidagi kutish zali bilan tanishdi.
Bu yerda bemorlar yaqinlari uchun qulay sharoit yaratilgan. Bolalar maydonchasi, dam olish joylari mavjud. Hatto, bemorlar yaqinlarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish imkoni bor.
- Odamlarning bir-birlariga xalaqit qilmasliklari uchun vakuum kapsulalar ham tashkil etdik, - deydi filial bosh shifokori Xushnud Nizomov.- Ushbu kapsulalar maxsus ekran va jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lib, ular orqali bemorning holati, hatto, o‘tkazilayotgan operatsiya jarayonini kuzatish mumkin.
Ushbu maskan bilan tanishish davomida Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash tizimidagi yangiliklar haqida taqdimot o‘tkazildi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Zayniyev jurnalistlarga birlamchi tibbiyotdagi yangiliklar, sohada amalga oshirilayotgan loyihalar va ularning natijalari yuzasidan ma’lumot berdi.
- Dunyo miqyosida aholining 70 foizi avval poliklinikaga murojaat qilsa, 30 foizi markaziy shifoxonalarga boradi, - dedi S.Zayniyev. - Afsuski, bizda shu paytgacha bu raqamlar teskari edi. Endi esa yangi tizimda hammasi o‘z iziga tushmoqda. Maqsadimiz xalqaro standartlarni o‘zimizda ham shakllantirish. Tabiiyki, bu mezonlarga erishish uchun birlamchi tibbiyot salohiyatini oshirish, uning mukammal ishlashiga sharoit yaratishdan iborat.
Birlamchi tibbiyot kasallikka qarshi kurashdan ko‘ra, uning oldini olish bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak. Mazkur tartib mamlakatimiz rahbarining o‘tgan yil qabul qilingan farmon qarorlarida belgilab berildi. O‘tgan yil Samarqand shahri, Ishtixon va Bulung‘ur tumanida, bu yil esa butun viloyat miqyosida tajriba-sinov tarzida birlamchi tibbiyotdagi o‘zgarishlarda namoyon bo‘lmoqda.
Tadbirda poliklinikalardagi D-med tizimi, laboratoriyalarning markazlashgani, tor mutaxassislarning markaziy poliklinikalarda faoliyat yuritishi to‘g‘risida ham batafsil ma’lumot berildi.
[gallery-27916]
Shundan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari Ishtixon tumanida bo‘lib, yangi tizim asosida amalga oshirilayotgan ishlar va ularning samarasi bilan bevosita tanishdi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA