Samarqand shahrida “Barnaxus” modeli asosida “Najot” bolalar markazi tashkil etiladi
“Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 20-oktabrdan boshlab Jinoyat kodeksining 118, 119, 121, 128, 128¹, 129-moddalarida, 135-moddasi uchinchi qismi “b” bandida hamda 141³-moddasi ikkinchi qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatlar bo‘yicha jabrlangan voyaga yetmagan shaxslarni ishni sudga qadar yuritish jarayonida so‘roq qilish, ekspert tekshiruvi uchun namunalar olish, ekspertiza o‘tkazish, tanib olish uchun ko‘rsatish va zaruratga ko‘ra boshqa protsessual harakatlar Markazning ixtisoslashtirilgan xonalarida amalga oshiriladi.
Protsessual harakatlar Markaz psixologining xulosasi asosida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan prokuratura organining xodimi (intervyuyer) tomonidan amalga oshiriladi.
Protsessual harakatlar majburiy tartibda audio- va videoyozuv orqali qayd etiladi, ularni Markazda saqlash, uchinchi shaxslarga berish va har qanday shaklda tarqatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bu yozuvlar dalil deb e’tirof etiladi va bolani sudga chaqirmasdan sud muhokamasida qo‘llanilishi mumkin.
Jabrlanuvchi bolaning qonuniy vakilining ishtirokisiz gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki ularning yaqinlari va himoyachilari bilan bevosita uchrashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.
2027-yil 1-yanvardan boshlab jinoyat ishi bo‘yicha jabrlanuvchi yoki guvoh sifatida jalb qilingan bolalarga bolalar bilan ishlash bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan advokatlar tomonidan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi.
Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligining tunu kun faoliyat ko‘rsatuvchi “1246” ishonch telefoni “112” qisqa raqam orqali chaqiruvlarni qabul qilish va avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash imkonini beruvchi yagona dispetcherlik xizmati bilan integratsiya qilinadi.
O‘zA