Samarqand sammiti SHHT taraqqiyotining yangi davrini boshlab berdi
Mana ikki kundirki, qadimiy va hamisha navqiron bo‘lgan Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar, kuzatuvchi mamlakatlar rahbarlarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu yig‘ilish doirasida dunyo yetakchilari tomonidan bugungi kunda ishonch va o‘zaro bir-birini tushunish taqchilligi sezilayotgan, qarama-qarshiliklar va mojarolar kuzatilayotgan bir sharoitda Samarqand sammitining o‘tkazilishi ijobiy voqelik ekanligini e’tirof etishdi.
O‘zbekiston tomonidan ushbu nufuzli tadbirga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Jumladan, muhim tadbir oldidan 212 gektar maydonda ulkan «Boqiy shahar» majmuasi bunyod etildi.
Majmua hududida «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro turizm markazi, 2 ta besh yulduzli, 6 ta 4 yulduzli mehmonxona, 1 ta Kongress holl va 1 ta karvonsaroy bunyod etilib, foydalanishga topshirildi.
O‘zbekiston 2021-2022 yillarda pandemiya va global inqiroz oqibatlariga qaramasdan, raislik rejasini to‘liq amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Ayni kunga qadar 80 dan ortiq yirik tadbirlar o‘tkazildi. Hamkorlikdagi sa’y-harakatlar natijasida sammit doirasida 40 dan ortiq hujjat qabul qilindi.
Xususan, asosiy tadbirlarning ilk kunida tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlar yetakchilari o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuvlar hamda bir qator madaniy tadbirlar o‘tkazildi. Bugun esa kunning birinchi qismida SHHTga a’zo davlatlar kengashining dastlab tor doiradagi keyin esa, kengaytirilgan tartibdagi majlislari o‘tkazildi.
Jumladan, sammitga raislik qiluvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tashkilot faoliyatini yanada jonlantirishga qaratilgan bir qator tashabbuslar ilgari surildi.
Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z tarkibida siyosatchilar, jamoat arboblari, olimlar va ekspert-ekologlar, biznes vakillarini birlashtira oladigan SHHT Iqlim kengashini tuzishni taklif qildi.
Shuningdek, SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi samaradorligini oshirish, jumladan, xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlardan ogohlantirish, ularga tezkorlikda munosabat bildirishga oid shartnomalar asosida ushbu tuzilmaning faoliyatini takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi kengashining yillik sayyor yig‘ilishlari amaliyotini yo‘lga qo‘yish muhimligi, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish uchun qo‘shma platformani yaratish vazifasi tobora dolzarb bo‘lib borayotgani qayd etildi.
O‘z navbatida O‘zbekiston tomonidan xalqaro darajada uchrashuv va muloqotlarda ilgari surib kelinayotgan tashabbus —Afg‘onistonni gumanitar qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus fondni mazkur mamlakatga chegaradosh bo‘lgan Termiz shahrida – u yerdagi mavjud transport-logistika xabining zamonaviy infratuzilmasidan foydalangan holda birgalikda ta’sis etish taklif qilindi.
Shu bilan birga, kengaytirilgan tartibdagi majlis doirasida yana bir qator dunyo yetakchilari tomonidan ham tashkilot faoliyati samaradorligini oshirish, ro‘y berayotgan geosiyosiy keskinliklarni to‘g‘ri baholashga qaratilgan tashabbuslar ham aytib o‘tildi.
Shuningdek, dunyo yetakchilari tomonidan mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash orqali ko‘p tomonli hamkorlikni kengaytirish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va qayta ishlash dasturlarini yo‘lga qo‘yish, yuqori sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish uchun samarali logistika, «yashil» va ekspress-yo‘laklarni tashkil etish, iqtisodiy barqarorlikka erishish uchun mintaqaviy hamkorlikning ishonchli modellaridan foydalanish kabi masalalar ham atroflicha muhokama qilindi.
Oltinoy Mamirova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati