Samarqand platformasi: Yangi O‘zbekiston global taraqqiyotning qaysi yo‘lidan bormoqda?
Dunyoda yuz berayotgan tezkor iqtisodiy evrilishlar va murakkab jarayonlar fonida jahon moliya tizimining diqqat markazida bo‘lgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi 59-yillik yig‘ilishining Samarqandda o‘tkazilayotgani bejiz emas. Bu xalqaro hamjamiyatning Yangi O‘zbekistondagi islohotlar ortga qaytmasligiga bo‘lgan qat’iy ishonchi ifodasidir. To‘rt mingdan ziyod nufuzli ekspertlar va yirik investorlarni jamlagan ushbu anjumanda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan strategik tashabbuslar mamlakatning mintaqaviy barqarorlik va global iqtisodiy integratsiyadagi yangi rolini belgilab berdi. Davlatimiz rahbarining nutqi faqatgina kelajak rejalarining bayoni bo‘lib qolmay, balki so‘nggi yillarda amalga oshirilgan tizimli transformatsiyalarning aniq natijalariga asoslangan kuchli tahliliy dasturga aylandi.
Mamlakatning xalqaro maydondagi ishonchli ovozi, eng avvalo, ijtimoiy yo‘naltirilgan iqtisodiy pragmatizmga tayanadi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, qisqa vaqt ichida iqtisodiyot hajmi 50 milliard dollardan 147 milliard dollarga yetdi, xorijiy investitsiyalar oqimi esa 150 milliard dollarni tashkil etdi. Bu raqamlarning asl mohiyati eksportning uch karra o‘sishidagina emas, balki ularning inson kapitaliga yo‘naltirilganida namoyon bo‘ladi. Kambag‘allik darajasining 35 foizdan 5,8 foizga tushirilgani va 8,5 million aholining daromadi oshirilgani O‘zbekistonning ijtimoiy davlat modeli samarali ishlayotganini ko‘rsatadi. Xalqaro “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da O‘zbekistonning joriy yilda 14 pog‘onaga ko‘tarilib, ilk bor “iqtisodiyoti mo‘’tadil erkin” davlatlar qatoridan joy olishi hamda yaqin kunlarda 13 ta yirik davlat aktivining xalqaro fond bozoriga chiqarilishi rejalashtirilayotgani bu boradagi islohotlarning mantiqiy davomidir.
Global taraqqiyotning keyingi bosqichini raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Prezidentimiz Jahon savdo tashkilotining 2040-yilga borib sun’iy intellekt hisobiga xalqaro savdo aylanmasi qo‘shimcha 40 foizga oshishi haqidagi prognoziga tayanib, O‘zbekistonning raqamli transformatsiyasi bo‘yicha aniq pozitsiyasini bildirdi. Mamlakat ichida boshlangan “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi va iqtisodiyot tarmoqlaridagi 200 dan ortiq dasturlar quruq raqamlar emas. Aynan shu ichki salohiyatga tayangan holda, O‘zbekiston Osiyo taraqqiyot banki shafeligida rivojlanayotgan davlatlarda sun’iy intellekt ko‘lamini oshirish dasturini ishlab chiqishni va “Osiyo uchun raqamli magistral” tashabbusining muvofiqlashtiruvchi markazini Toshkentda ochishni taklif qilmoqda. Bu qadam O‘zbekistonni mintaqaning texnologik xabiga aylantirish yo‘lidagi dadil harakatdir.
Texnologik yuksalish, o‘z navbatida, energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojni keskin oshiradi. Xalqaro energetika agentligi tahlillari tasdiqlaganidek, 2030-yilga borib data markazlarining elektr energiyasiga talabi ikki-uch karra oshadi. O‘zbekiston bu chaqiriqqa oldindan tayyorgarlik ko‘rib, dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda 5600 megavattli shamol va quyosh stansiyalarini ishga tushirdi va generatsiyada “yashil” energiya ulushini 30 foizga yetkazdi. Bu ko‘rsatkichni 2030-yilgacha 54 foizga olib chiqish maqsadi, shuningdek, Markaziy Osiyo – Yevropa “yashil” energetika koridorini yaratish tashabbusi mintaqaning energetik mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi. Ushbu jarayonlar global miqyosda talab ortib borayotgan kritik minerallarni qazib olish va qayta ishlash dasturi bilan uzviy bog‘liqdir. Qiymati 1,6 milliard dollarlik 70 dan ziyod loyihaning boshlanishi va Osiyo taraqqiyot bankining “Kritik mineraldan – ishlab chiqarishga” dasturiga qo‘shilish taklifi mamlakatning yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish borasidagi maqsadlari qat’iy ekanini isbotlaydi.
Sanoat va energetika sohasidagi bunday ulkan loyihalar ishonchli transport va logistika infratuzilmasini talab etadi. Global ziddiyatlar oqibatida yuk tashish xarajatlarining 30 foizgacha oshishi va yetkazib berish muddatlarining uzayishi fonida, yiliga 15 million tonnagacha yuk tashish imkonini beruvchi “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishining boshlanishi strategik ahamiyat kasb etadi. Ushbu fizik infratuzilmani raqamli makon bilan bog‘lash maqsadida ilgari surilgan “Raqamli bojxona va logistika alyansi”ni tashkil etish g‘oyasi mintaqaviy savdo to‘siqlarini bartaraf etishga qaratilgan. Ayni paytda, iqtisodiy yuksalish ekologik muvozanat bilan hamohang bo‘lishi shart. Orolning qurigan tubida yaratilgan 2 million gektar o‘rmonzor va har yili 200 million tup ko‘chat ekishni ko‘zda tutuvchi “Yashil makon” dasturi tajribasi asosida “Markaziy Osiyo yashil belbog‘i”ni yaratish, shuningdek, turistlar oqimining 12 millionga yetishidan kelib chiqib, “Markaziy Osiyo turizm halqasi”ni shakllantirish tashabbuslari yaxlit mintaqaviy konsepsiyani hosil qiladi.
Samarqand platformasida yangragan ushbu g‘oya va takliflar Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi konstruktiv va yaratuvchanlik pozitsiyasini to‘laqonli namoyon etdi. Davlatimiz rahbarining nutqi mamlakatimiz xalqaro moliya institutlari bilan munosabatlarda shunchaki mablag‘ jalb qiluvchi tomon emas, balki mintaqaviy muammolarga innovatsion yechimlar taklif eta oladigan, yirik transtarmoq loyihalarini boshqarish salohiyatiga ega teng huquqli va tashabbuskor hamkor darajasiga ko‘tarilganini tasdiqlaydi. Ichki iqtisodiy islohotlarning izchilligi va mintaqaviy manfaatlarni umumlashtirishga qaratilgan bu strategiya O‘zbekistonning global taraqqiyotdagi mustahkam o‘rnini va porloq istiqbolini kafolatlaydi.
Alisher EGAMBERDIEV,
O‘zbekiston Milliy universiteti
tayanch doktoranti