Samarqand, Nukus va Navoiyda iste’molchilar huquqi himoya qilindi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan aholi murojaatlarini tezkor va adolatli hal etish borasida amaliy ishlar davom etmoqda. Kommunal xizmatlar, dori vositalari savdosi hamda tashqi reklama sohalarida kelib tushgan murojaatlar asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida qonunbuzarliklar aniqlanib, iste’molchilar manfaatlari himoya qilindi.
Xususan, Samarqand viloyatida dori vositalari narxini sun’iy oshirish holatlariga qarshi choralar ko‘rildi. Raqobat qo‘mitasining “Fair Tech” yagona axborot tizimi orqali joriy yil davomida 47 ta dorixona faoliyati o‘rganilib, 35 tasiga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan. Tekshiruvlar jarayonida “Jannat shifo” MCHJ tomonidan 15 mingdan ortiq holatda belgilangan savdo ustamalariga rioya qilinmagani ma’lum bo‘ldi. Natijada, qariyb 15 million 800 ming so‘m miqdorida asossiz olingan mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa gaz ta’minoti sohasidagi murojaat ijobiy hal etildi. Nukus shahrida yashovchi fuqaro M.A.ga nisbatan qariyb 147 million so‘m miqdorida gaz qarzdorligi hisoblangani yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda hisob-kitoblar qoidalarga zid ravishda amalga oshirilgani aniqlandi. Xususan, qarzdorlik so‘nggi ko‘rik sanasidan emas, balki o‘tgan uch yillik davr uchun hisoblangan. Maxsus komissiya qaroriga ko‘ra, 99 million 120 ming so‘mlik qarzdorlik asossiz deb topildi, fuqaroning haqiqiy qarzi esa 47 million 390 ming so‘m ekani belgilandi. Shu orqali fuqaroning huquqlari tiklanib, gaz ta’minoti tashkilotlariga qonunbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Navoiy viloyatida tashqi reklama sohasida qonun talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘tkazilgan monitoringlar ham muayyan natijalar berdi. O‘rganishlar davomida “SHEDEVR NAVOIY” MCHJ tomonidan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish uchun ajratilgan yer maydoniga hech qanday ruxsatnomasiz tashqi reklama vositasi o‘rnatilgani aniqlandi. Hududiy boshqarma maxsus komissiyasi mazkur holatni “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablarining buzilishi deb topib, korxonaga majburiy ko‘rsatma bergan. Korxona ushbu qarordan norozi bo‘lib sudga murojaat qilgan bo‘lsa-da, sudning birinchi va apellyatsiya instansiyalarida ham hududiy boshqarma qarori qonuniy deb topildi.
Mutaxassislar fikricha, bu kabi murojaatlarning ijobiy hal etilishi nafaqat aholi manfaatlarini himoya qilish, balki tadbirkorlik sub’ektlarini ham qonun doirasida faoliyat yuritishga undashda muhim ahamiyat kasb etadi.
N. Rahmonova, O‘zA