Samarqand ikkinchi bor “Samarkand Half Marathon” mezboni bo‘ldi
Bugun – 1 noyabr kuni Samarqand shahrida Samarkand Half Marathon (yarimmarafoni) o‘tkazildi.
Bugun – 1 noyabr kuni Samarqand shahrida Samarkand Half Marathon (yarimmarafoni) o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi huzuridagi madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida bu yil ikkinchi bor tashkil etilgan mazkur marafon mamlakatimzida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va sport turizmini rivojlantirishdan tashqari, xayriya missiyasiga, ya’ni autizmga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.Abduhakimov, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov bu yilgi koronavirus pendemiyasiga qaramay Samarkand Half Marathon an’anaga sodiq qolgan holda tashkil etilganini alohida ta’kidladi.
– Bugun mamlakatimizda sog‘lom turmush tarziga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda bu kabi marafonlar juda katta ahamiyatga ega – dedi E.Turdimov. – Biz sport bilan shug‘ullanish orqali koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olamiz, xalqimiz o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etamiz.
Bu yil xorijiy davlatlardagi ishtirokchilar marafonda onlayn formatda qatnashishiga imkoniyat yaratildi. Ushbu imkoniyatdan dunyoning 35 davlatidan professional va havaskor sportchilar foydalandi.
Soat 9.00 da professional sportchilar uchun 21 km. masofaga mo‘ljallangan klassik yarimmarafonga start berildi. Ishtirokchilar Samarqand shahri ko‘chalari bo‘ylab ushbu masofani bosib o‘tdilar.
Erkak marafonchilar orasida finishga birinchi bo‘lib Toshkent viloyati vakili Andrey Petrov yetib keldi. Qizlar bahsida esa uch karra jahon chempioni surxondaryolik Sitora Hamidova marra chizig‘ini birinchi bo‘lib kesib o‘tdi. G‘oliblar 12 million so‘mdan, ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi o‘rin egalari mos ravishda 10, 8, 6 va 5 million so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlandi.
- Ushbu xayriya marafonida qatnashish imkonini berganliklari uchun tashkilotchilarga katta rahmat, - deydi yarimmarafon g‘olibi Sitora Hamidova. - Marafon barcha qoidalar asosida tashkil etilgan, sharoitlar, tashkilotchilik a’lo darajada. Trassa murakkab, ammo yugurish bo‘yicha ayollar o‘rtasida 21 kilometrlik masofani birinchi bo‘lib bosib o‘tishga muvaffaq bo‘ldim. Bundan xursandman. Quvonchimning yana bir sababi shaxsiy rekordimni yangiladim, ya’ni 21 kilometrlik masofani oxirgi marta 1 soat 13 minut 56 sekundda bosib o‘tgan edim. Bugun bu masofa uchun menga 1 soat 11 daqiqa 58 soniya kifoya bo‘ldi.
Shundan so‘ng, havaskorlar o‘rtasida 2 kilometr masofalik marafonga start berildi. Unda yuzlab fuqarolar, jumladan, Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimov, Samarqand viloyati va shahar hokimlari rahbarlari ham ishtirok etdi. Ushbu yo‘nalish g‘oliblari ham tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Soat 11:00 dan e’tiboran, marafonda virtul ishtirok etuvchilar o‘z mamlakatlari va yashab turgan hududlarida o‘zlari istagan masofani bosib o‘tib, marafonda qatnashdilar.
Bu yil asosiy e’tibor jamoaviy ishtirokka, yugurish klublari va korporativ jamoalarni jalb qilishga qaratildi. Buning uchun butun dunyo bo‘ylab yuguruvchilar orasida juda mashhur va bepul bo‘lgan GPS Strava mobil ilovasidan foydalanildi. Mazkur ilova yordamida finalchilarning yakuniy natijalari marafon saytida avtomatik ravishda yuklanadi.
2020 yilgi Samarqand yarimmarafonining ishtirokchilari ijtimoiy tarmoqlardagi fotosuratlarida #moviynurtarat xeshtegini belgilash orqali uni keng targ‘ib etdilar.
Yana bir e’tiborli jihati, bu gal marafonda ko‘pchilikni jalb qilish maqsadida onlayn formatdagi ikkita yangi qo‘shimcha – 1 km. masofada “Bolalar yugurishi” va “Skandinavcha yurish” variantlari qo‘shildi.