Samarqand davlat universiteti xalqaro reytingda yuqori o‘rinni egalladi
Samarqand davlat universiteti QS World University Rankings by Subject xalqaro reytingining 2026-yilgi natijalariga ko‘ra, zamonaviy tillar yo‘nalishi bo‘yicha 251-300-o‘rinni egalladi. Shu munosabat bilan universitetda “Lingvo-g‘alaba: xalqaro reytingdagi tarixiy qadam” mavzusida tadbir tashkil etildi.
Tadbirda qayd etilganidek, mazkur natija oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish borasidagi izchil ishlar samarasidir.

Tadbir davomida reyting natijasini tasdiqlovchi maxsus guvohnoma topshirildi. Shuningdek, mazkur yutuqqa munosib hissa qo‘shgan professor-o‘qituvchilar rektor tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.
Ta’kidlash joizki, Samarqand davlat universitetining xalqaro reytinglardagi o‘rni yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda. Bu esa universitetning global ta’lim makonidagi raqobatbardoshligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA