Samarqand aholisi yiliga o‘rtacha 100-110 ming nafarga ko‘paymoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Samarqand aholisi 4 million 300 mingdan oshdi, yiliga o‘rtacha 100-110 ming nafarga ko‘payib borayapti.
– Bugungi yig‘ilishni Urgutda o‘tkazayotganim bejiz emas. Respublika tumanlari ichida aholisi eng ko‘p Urgutda 600 mingdan ortiq odam istiqomat qilayapti.
Urgut tumani uzoq yillardan beri viloyat qishloq xo‘jaligida yetakchi. Adir va toshloq yerda Urgut erkin iqtisodiy zonasini tashkil qilganimiz, 860 million dollarlik 74 ta loyiha ishga tushgani natijasida Urgut sanoatlashgan hududga aylandi, – dedi davlatimiz rahbari.
Sanoat rivojlanishi savdo va servisga ham katta turtki berdi. Hozir Urgut viloyat sanoatida 3-o‘rinda, servisda esa 4-o‘rinda.
Bugun Urgutda yana bir tarixiy voqea – 55 kilometr temir yo‘l liniyasini ishga tushirildi. Ushbu tarmoqni elektrlashtirish ishlari kelasi yil to‘liq yakuniga yetkaziladi. Bu – avvalo aholiga yanada qulay sharoit yaratish bilan birga, sanoat, qishloq xo‘jaligi va servisda yangi imkoniyatlar eshigini ochib beradi.
O‘zA