“Samarkand Marathon”ning nufuzi va qamrovi oshmoqda
Joriy yil noyabr oyida Samarqandda yettinchi “Samarkand Marathon” xalqaro xayriya yugurish musobaqasi o‘tkaziladi.
Respublika Madaniyat vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, Sportni rivojlantirish vazirligi hamda Samarqand viloyat hokimligi tomonidan har yili an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan mazkur musobaqa madaniyat va san’at muassasalarida inklyuzivlik muammosiga jamoatchilik e’tiborini jalb etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, madaniy turizmni rivojlantirish, respublika aholisini, jumladan, yosh avlodni faol sportga keng jalb etishga qaratilgan.
2019 yilda “Samarkand Nalf Marathon” (Samarqand yarim marafoni) tarzida tashkil etilib, ilk bor o‘tkazilgan musobaqa dunyoning 23 davlatidan kelgan 1100 nafardan ortiq sportchi va havaskorlar ishtirokida 2, 10, 21,1 kilometr masofada o‘tkazilgan edi. Keyinchalik bu tadbir “Samarkand Marathon”ga aylantirilib, uning ko‘lami va darajasi oshdi. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 maydagi va 2022 yil 6 avgustdagi qarorlari bilan mazkur marafonni Samarqand shahrida har yili oktyabr-noyabr oylarida o‘tkazish belgilandi.
2024 yilning 2–3-noyabr kunlari o‘tkazilgan oltinchi “Samarkand Marathon 2024” musobaqalarida dunyoning 43 mamlakatidan 5,5 ming ishtirokchi, jumladan, 600 nafardan ortiq yuguruvchi qatnashdi. Ular 42,2, 21,1, 10, 5, 2 kilometr masofada yugurish bahslarida ishtirok etdi. Shuningdek, 5 kilometr masofada inklyuziv yugurish musobaqasi ham o‘tkazildi.
Marafonning start va marrasi Registon maydonida joylashgan bo‘lib, ishtirokchilar belgilangan masofalarni shahardagi asosiy tarixiy obidalar oldidan bosib o‘tadilar. Ayni shu jihat “Samarkand Marathon”ning o‘ziga xos xususiyati hisoblanadi.
Samarqand viloyat sport boshqarmasining ma’lum qilishicha, bu yilgi marafonga ham hozirdan tayyorgarlik ishlari boshlangan. Ayni paytda yurtimizda va xorijda targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Bunda taniqli shaxslar, mashhur sportchilar, chempionlar keng jalb etilmoqda. Asosiy maqsad marafonning ommaviyligini oshirish, ishtirokchilar safini kengaytirish orqali madaniyat va san’at muassasalarida inklyuzivlik muammosiga jamoatchilik e’tiborini qaratish, xayriya tadbirlarini keng ko‘lamda olib borishdir.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari