Samarali mehnat: e’tirof va imtiyoz
Mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash va chegaralarimiz daxlsizligini himoya qilishda bojxona organi xodimlarining munosib hissasi bor.
Bundan 22 yil muqaddam egniga bojxonachi formasini kiygan Guli Boboqulova ham shu o‘tgan yillar mobaynida sohaning chinakam fidoyisiga aylandi. Buxoro viloyatidagi “Xo‘jadavlat” va “Olot” chegara bojxona postlarida olib borgan faoliyati davomida kasbiga va harbiy qasamyodiga sodiqligini namoyon etdi. Guli Boboqulovaning yurt oldidagi sodiq xizmatlari davlatimiz tomonidan alohida e’tirof etildi. 2020 yilda Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlandi.

Guli Boboqulova uchun 2022 yil chinakam e’tiroflar yili bo‘ldi. Ayni shu yilda uning bir emas ikki farzandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari xodimlarining farzandlariga davlat oliy ta’lim muassasalari hamda oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” gi qaroriga asosan Bojxona qo‘mitasi raisi tavsiyanomasi bilan Oliy ta’lim muassasasining talabasi bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.

– Men bojxona organi xodimasi ekanligimdan chinakam faxrni aynan farzandlarim imtiyozli tarzda oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘lganda his etdim, –deydi Guli Boboqulova. – Chegara bojxona postlarida xizmat olib borgan vaqtlarimda farzandlarimning kelajagidan ayniqsa ta’limidan juda xavotirda bo‘lar edim. Shukrki, bugun farzandlarim ham davlatimiz himoyasida. Farzandlarimga shunday kasb tanlangki, yurtga nafingiz tegsin, deb doim aytar edim. Mana bugun ularning biri huquqshunoslik, ikkinchisi tibbiyot sohasida tahsil olmoqda. Kelgusida menga bildirilgan ishonchni oqlashga, bojxona sohasida xizmat qilayotgan yosh xodimlarni munosib tarbiyalashga bor kuch g‘ayratimni safarbar etishga va’da beraman.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.