Samarali huquqiy tizim jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlaydi (+video)
Aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish orqali bartaraf etish yo‘llarini topish maqsadida 2024-yil 24-may kuni davlatimiz rahbarining “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Unda davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda ularga metodik yordam ko‘rsatib borish ham ko‘zda tutilgan.
Hujjatda adliya organlari va muassasalari faoliyati, huquqiy xizmatlar ko‘rsatish, sud ekspertiza, arxiv ishi va ish yuritish sohalarini ilmiy-metodik va konsultativ jihatdan ta’minlash vazifasi ham qo‘yildi.
Shu kabi vazifalarning samarali bajarilishini ta’minlash maqsadida adliya tizimidagi to‘rtta malaka oshirish markazi negizida yagona institut tashkil etildi. Bu – Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti.
Mazkur institut faoliyatining bir yilligi munosabati bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Rustam Xursanov 2025-yil davomida institut tomonidan 423 malaka oshirish guruhi tashkil etilib, 37 ming 672 nafar tinglovchi o‘qitilganini qayd etdi. Shundan 17 ming 638 nafari adliya tizimi xodimlaridan iborat bo‘ldi. Masofaviy ta’lim orqali 31 ming 527 nafar tinglovchi qamrab olindi.
Uzluksiz kasbiy rivojlanish platformalari orqali 15,9 ming nafardan ortiq tinglovchi jalb etildi. 2025-yil yakuniga qadar 443 o‘quv moduli ishlab chiqildi.
Mahalla tizimi bilan hamkorlik doirasida 3 ming 893 nafar mahalla raisi o‘qitildi. Ming nafardan ziyodi mediatorlikka tayyorlandi va 2 ming 839 nafari huquqiy bilimini oshirdi. 793 nafar pedagog qayta tayyorlandi, 220 nafarga yaqin mutaxassis yuridik mutaxassislikka qayta tayyorlandi. 20 nafarga yaqin xorijiy ekspert ishtirokida milliy yuridik kadrlar uchun xalqaro standartlar bo‘yicha kurslar tashkil etildi.
Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida qator xorijiy ta’lim muassasalari, yuridik firma va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, 15 memorandum imzolandi.
Bugungi kunda 30 ga yaqin xorijiy tashkilot bilan hamkorlik aloqalari amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, xorijiy hamkorlar bilan birgalikda 17 uchrashuv va 12 xalqaro tadbir tashkil etildi. 20 nafar xorijiy ekspert ta’lim jarayoniga jalb qilindi. 30 nafarga yaqin institut tinglovchilari xorijda malaka oshirishga yuborildi.
Ilmiy faoliyat doirasida 25 o‘quv-uslubiy adabiyot va 74 ilmiy maqola tayyorlandi. Qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishga qaratilgan 20 dan ziyod loyiha va takliflar ishlab chiqildi. Uchta ixtisoslik bo‘yicha doktorantura faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 30 nafar tadqiqotchi oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutiga qabul qilindi.
Kelgusida natijaga yo‘naltirilgan baholash tizimini joriy etish, o‘quv modullarini yangilash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini kuchaytirish va ochiqlikni ta’minlash ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Ochiq muloqot davomida malaka oshirish sifati bilan bog‘liq savolimizga javoban mutasaddilar bu ushbu sohadagi muhim ko‘rsatkich ekanini alohida ta’kidladi. Xalqaro standartlar darajasidagi talablar asosida malaka oshirish yakunida har bir tinglovchining bilim darajasi aniqlanadi. Talabga javob bera olmagan tinglovchi esa qayta malaka oshiradi. Bu, tabiiyki, uning ish faoliyati samaradorligi (KPI) ko‘rsatkichiga ta’sir qiladi. Shu bois, har bir tinglovchi zimmasidagi mas’uliyatni his qilgan holda malaka kursini to‘laqonli o‘zlashtirishga va imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tishga intilmoqda. Malaka oshirgan xodimlarning kelgusidagi faoliyati natijalari ham monitoring qilib boriladi.
Bu esa adliya va boshqa hamkor tashkilotlar xodimlarining malakasi oshishi, pirovardida samarali huquqiy tizim shakllanishi, jamiyatda qonun ustuvorligi ta’minlanishiga xizmat qiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/M9FeFjz14M0" title="Samarali huquqiy tizim jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlaydi(+video)" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Abduraimova,
A.Alijonov (surat),
O.Davronov (video),
S.Obidjonov (montaj),
O‘zA