Samandar Olimov va Iqboljon Xoldorov yarim finalda
Armaniston poytaxti Yerevan shahrida boks bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Yerevan Mayor Cup” xalqaro turnirida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari muvaffaqiyatli ishtirokini davom ettirmoqda.
-60 kg. vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Samandar Olimov chorak finalda mezbonlar vakili Arman Arzumanyanga qarshi bahs olib bordi. Qiziqarli va murosasiz kechgan jangda hamyurtimiz 4:1 hisobida g‘alaba qozonib, musobaqaning yarim finaliga yo‘llanma oldi.
-70 kg. vazn toifasidagi chorak final bahsida esa Iqboljon Xoldorov Moldova vakili Vladimir Nazimkoga qarshi ringga chiqdi. Har uch raundda ham ustunlikni namoyish etgan o‘zbekistonlik bokschi raqibini 5:0 hisobida mag‘lub etib, yarim final ishtirokchisiga aylandi.
Ertaga bo‘lib o‘tadigan yarim final janglarida yana ikki nafar vakilimiz – To‘rabek Habibullayev hamda Shahzod Muzaffarov ham ringga ko‘tariladi. Ular final yo‘llanmasi uchun bahs olib boradi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA