Salomatlikning muhim garovi
Poytaxtimizda «Sport – salomatlik garovi» shiori ostida respublika spartakiadasining Toshkent shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda «Sport – salomatlik garovi» shiori ostida respublika spartakiadasining Toshkent shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama barkamol insonlar qilib voyaga yetkazish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishda muhim vosita sifatida jadal rivojlanayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan ham bu borada qator ishlar amalga oshirilmoqda. «Sport – salomatlik garovi» shiori ostida o‘tkazilayotgan respublika spartakiadasi turli soha xodimlari o‘rtasida sportni ommalashtirish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishni ta’minlash orqali ularning salomatligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Spartakiada to‘rt bosqichdan iborat bo‘lib, stol tennisi, voleybol, shaxmat, shashka, badminton va suzish kabi sport turlari bo‘yicha o‘tkazilmoqda. Musobaqaning korxona va tashkilotlarda tashkil etilgan dastlabki bosqichida 6 milliondan ziyod xodim ishtirok etgani aholi o‘rtasida sport tobora ommalashib borayotganidan dalolatdir.
Musobaqaning Toshkent shahar bosqichida 200 nafardan ziyod havaskor o‘zaro bahslashdi. Shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda Ravshan Shukurov, Gulnora Ortiqova, shashka bo‘yicha Bahodir Ubaydullayev va Gavhar Sharipova, stol tennisi bo‘yicha Qahramon Hasanov va Natalya Livonova, badminton bahslarida Sergey Gimadiyev va Dilfuza Sultonova, suzish musobaqalarida Vladimir Lipov va Yelena Lisetskaya g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Voleybol bahslarida Yunusobod tumani jamoasi birinchi o‘rinni egalladi.
– Doimo jismonan va ruhan sog‘lom bo‘lib yurishda sportning ahamiyati beqiyos, – deydi R.Shukurov. – Bu kabi musobaqalar bizni yangi marralar sari ruhlantiradi. Spartakiadaning mamlakat bosqichida ham yaxshi natija ko‘rsatishga harakat qilamiz.
Musobaqada turli nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Ular tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.